O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyotov ham ovoz berdi
Jizzax viloyatidagi mavjud 522 ta referendum uchastkalarining barchasida jarayonlar qizg‘in davom etmoqda.
– Bizning 197-referendum uchastkamizda Davlatimiz madhiyasi yangragach, birinchilardan bo‘lib mahallamiz faxri, O‘zbekiston Qahramoni Parda bobo Ziyotov ovoz berdi, – deydi 197-referendum uchastkasi raisi Gulchehra Nosirova. – Uchastkamizda ro‘yxatga olingan umumiy ovoz beruvchilar soni jami 2 ming 997 nafarni tashkil etadi. Shulardan 10 nafar fuqaromiz turli asosli sabablarga ko‘ra muddatidan oldin ovoz berdi. 60 nafardan ortiq yoshlarimiz birinchi marta referendumda ishtirok etmoqda. 29 nafar keksa, yotib qolgan va nogiron va shundan 1 nafar ko‘zi ojiz fuqaromiz esa brayl byulletenida, uylaridan turib ovoz berdi. Uchastkamizda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning va umuman har qanday ovoz berish huquqiga ega fuqarolarimizning uchastkamizga kelib, emin-erkin ovoz berishlari uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.
Mana soat 14:00 ga qadar 2 ming 100 nafarga yaqin fuqarolarimiz kelib yangilangan Konstitutsiyamizga o‘z munosabatlarini bildirib ketdi.
– Har qanday demokratik davlat va jamiyat ravnaqi yo‘lida referendum muhim siyosiy jarayon hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyotov. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangilangan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasida bo‘lib, 65 foizga o‘zgardi, xalq manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘plab yangi moddalar kiritildi. Biz umumxalq referendumi orqali qabul qilinishini yoqlab ovoz berayotgan Bosh qomusimiz – tom ma’noda har bir moddasida xalq manfaatlari mujassamlashgan haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylanganligini alohida ta’kidlash joiz.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA