O‘zbekiston Prezidenti Turkistonning tarixiy-madaniy markazi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Turkiston shahrining tarixiy-madaniy markazida bo‘ldi.
Oliy martabali mehmonlar Markaziy Osiyodagi islom me’morchiligining yorqin yodgorliklaridan biri, Qozog‘istonning bosh ma’naviy markazi bo‘lgan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildilar.


XIV asr oxirida Amir Temur farmoyishiga binoan barpo etilgan ushbu maqbara bugungi kunda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Markaziy Osiyodagi o‘rta asr islom me’morchiligining eng noyob va muhtasham namunalaridan biri hisoblanadi. Uning qurilishi 1389-1391-yillarda boshlanib, XIV asr oxiriga qadar davom etgan. Majmuani bunyod etishda Movarounnahr ustalari, shuningdek, boshqa hududlardan kelgan me’mor va naqqoshlar qatnashgan.
Yetakchilar buyuk so‘fiy shoir va mutafakkir xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.


Shuningdek, delegatsiyalar rahbarlari “Hazrat Sulton” muzey-qo‘riqxonasining tashriflar markazi bilan tanishdi. Bu yerda ziyoratchilar va mehmonlarni qabul qilish, ko‘rgazmalar tashkil etish hamda Turkistonning boy tarixiy-madaniy merosini namoyish qilish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Markazda o‘rta asrlar davriga oid noyob merosni saqlash, o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan doimiy muzey ekspozitsiyasi – “Noyob eksponatlar zali” alohida o‘rin tutadi.


Ekspozitsiyada Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi bilan bog‘liq nodir tarixiy yodgorliklar, jumladan, XIV-XV asrlarga mansub osori atiqalar, o‘rta asrlar me’moriy va amaliy bezak san’ati hamda kulolchilik namunalari o‘rin olgan. Maqbaraning asl eshigi, Xoja Ahmad Yassaviy qabri ustidagi yopinchiq, Amir Temur tomonidan hadya qilingan bronza shamdonlar, shuningdek, Turkistonning qadimiy tarixini ochib beruvchi arxeologik va keramik topilmalar shular jumlasidan.
Bunday yodgorliklar va madaniy loyihalar ma’naviy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani mustahkamlash, mushtarak ildizlar, e’tiqod va an’analar bilan bog‘langan qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.