O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Prezidentini tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, qardosh Qozog‘iston xalqining tinch-osoyishta hayoti va ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining Turkistondagi norasmiy sammiti hamda mazmunli muzokaralar yuqori darajada tayyorlangani va o‘tkazilgani, ular tufayli ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi sur’at kasb etganini alohida ta’kidladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqin yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, investitsiyaviy faoliyat, shu jumladan, Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi doirasida kengaymoqda, energetika, transport, ekologiya va madaniy-gumanitar sohalarda istiqbolli loyiha va tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Bo‘lajak Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, Hududlar rahbarlari kengashining birinchi uchrashuvi va boshqa mexanizmlar doirasida yangi iqtisodiy kun tartibini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.