O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyevni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida savdo-iqtisodiyot, transport, suv-energetika sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, madaniy-gumanitar dasturlar va hududlararo almashinuvlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zaro hamkorlik va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar kun tartibini boyitish maqsadida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari davomida hamda boshqa sheriklik mexanizmlari doirasida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish muhimligi alohida ta’kidlandi.