O‘zbekiston pragmatik integratsiya modelini shakllantirmoqda
Kuzatuvchi maqomdan iqtisodiy sheriklik sari…
So‘nggi yillarda jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan beqarorlik, savdo zanjirlarining o‘zgarishi va yangi texnologik raqobat sharoitida davlatlar uchun mintaqaviy hamkorlik masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday sharoitda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan munosabatlari yangi mazmun bilan boyib, oddiy savdo aloqalaridan keng qamrovli iqtisodiy sheriklik darajasiga ko‘tarilmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik univeristeti tayanch doktoranti Fotima Nazarova tahlillariga ko‘ra, mamlakat YeOIIga a’zo bo‘lish emas, balki milliy manfaatlarga tayangan holda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lini tanlamoqda. Bu yondashuv O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining asosiy xususiyatiga aylanib ulgurdi. Ya’ni Toshkent har qanday integratsiya jarayoniga siyosiy emas, iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan yondashmoqda.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ham aynan shu strategiyaning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ldi. Davlat rahbari chiqishida raqamli iqtisodiyot, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar va “yashil” taraqqiyot kabi sohalarga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa O‘zbekistonning YeOII bilan munosabatlarga qisqa muddatli emas, balki uzoq istiqbol nuqtai nazaridan qarayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmining o‘sishi iqtisodiy hamkorlikning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda. YeOII davlatlari O‘zbekiston uchun muhim tashqi bozorlardan biri hisoblanadi. Shu bois iqtisodiy aloqalarni institutsional jihatdan mustahkamlash har ikki tomon uchun manfaatlidir.
Bu borada uch yillik hamkorlik rejasining amalga oshirilishi va yangi dastur ishlab chiqish taklifi muhim ahamiyatga ega. Toshkentda Yevroosiyo taraqqiyot banki vakolatxonasining ochilishi esa munosabatlarning yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi. Bu qaror moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi hamda iqtisodiy muloqotning institutsional asoslarini mustahkamlaydi.
Bugungi kunda iqtisodiy integratsiyaning asosiy mezoni faqat savdo hajmi emas. Davlatlar raqobatbardoshligi ko‘proq raqamli texnologiyalar, ma’lumotlar almashinuvi va logistika tizimlarining samaradorligi bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “to‘siqlarsiz savdoning yagona raqamli makoni” g‘oyasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tashabbusning mohiyati tovarlar harakatini tezlashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va biznes uchun qulay muhit yaratishdan iborat. Elektron hujjatlarni o‘zaro tan olish, bojxona jarayonlarini raqamlashtirish hamda fitosanitariya nazoratini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish savdo xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Bundan tashqari, “aqlli” transport-bojxona yo‘laklari tashabbusi O‘zbekistonning mintaqaviy logistika markaziga aylanish strategiyasi bilan uyg‘unlashadi. Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi tranzit yo‘nalishlarining ahamiyati oshib borayotgan bir paytda raqamli logistika tizimlari yuk tashish jarayonlarini tezlashtirib, eksportyor va importyorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Eng muhimi, raqamli iqtisodiy makon yirik kompaniyalar bilan bir qatorda kichik va o‘rta biznes uchun ham yangi bozorlarga chiqish imkonini kengaytiradi. Bu esa iqtisodiy integratsiyaning natijalari aholining keng qatlamlariga ham yetib borishini ta’minlaydi.
Demak, O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga kirmoqda. Bu jarayonda asosiy urg‘u siyosiy integratsiyaga emas, balki amaliy iqtisodiy natija beruvchi loyihalarga qaratilmoqda. Aynan shu jihat O‘zbekiston shakllantirayotgan pragmatik hamkorlik modelining eng muhim xususiyati hisoblanadi.
Raqamli makondan “yashil” iqtisodiyotgacha: YeOII bilan hamkorlik qanday imkoniyatlar ochmoqda?
O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning muhim jihati shundaki, hamkorlik faqat savdo aylanmasi bilan cheklanib qolmayapti. Bugungi bosqichda asosiy e’tibor qo‘shilgan qiymat yaratuvchi sohalarga qaratilayotgani iqtisodiy munosabatlarning sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Xususan, sanoat kooperatsiyasi masalasi kun tartibidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasining mintaqaviy sanoat hamkorligi uchun samarali maydonga aylanib borayotgani bejiz emas. O‘zbekiston tomonidan robototexnika, sanoat avtomatizatsiyasi, energetika uskunalari, suv tejovchi texnologiyalar va zamonaviy qurilish materiallari sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish taklif qilinmoqda. Bu mamlakat iqtisodiyotini xomashyo eksportiga tayangan modeldan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish bosqichiga o‘tkazish strategiyasi bilan bevosita bog‘liq.
Agar mazkur tashabbuslar amaliy natija bersa, O‘zbekiston nafaqat mahsulot ishlab chiqaruvchi, balki mintaqada texnologik kooperatsiya markazlaridan biriga aylanishi mumkin. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishi, mahalliy kadrlar malakasining oshishi va eksport tarkibining diversifikatsiya qilinishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, global iqtisodiyotda ekologik standartlar tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda “yashil” transformatsiya masalasi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yevropa va Osiyo bozorlarida karbon izi past bo‘lgan mahsulotlarga talab ortib borayotgani davlatlarni yangi iqtisodiy voqelikka moslashishga majbur qilmoqda. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan qo‘shma “yashil” dastur aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan.
Mazkur dastur sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish, chiqindilarni qisqartirish va ekologik texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilishi mumkin. Eng muhimi, bu kelajakda mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun muhim omilga aylanadi.
Hamkorlikning yana bir strategik yo‘nalishi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq. Millionlab insonlarning iqtisodiy faolligi bugun davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning muhim tarkibiy qismiga aylangan. Shu nuqtai nazardan, milliy elektron bandlik tizimlarini o‘zaro bog‘lash haqidagi tashabbus mehnat bozorini yanada shaffoflashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Bunday tizim orqali fuqarolar ish o‘rinlari haqida ishonchli ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi, noqonuniy bandlik xavfi kamayadi va mehnat muhojirlarining huquqiy himoyasi kuchayadi. Bu nafaqat ijtimoiy ahamiyatga, balki iqtisodiy samaradorlikka ham ega, chunki malakali ishchi kuchining tartibli harakati mehnat bozoridagi talab va taklif muvozanatini ta’minlaydi.
Kengash yig‘ilishida ilgari surilgan eng qiziqarli tashabbuslardan biri “Markaziy Osiyo turistik halqasi” g‘oyasi bo‘ldi. Bir qarashda bu madaniy yoki gumanitar loyiha bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Aslida esa uning ortida katta iqtisodiy mantiq mujassam.
Markaziy Osiyo davlatlari yagona turistik makon sifatida shakllansa, mintaqa xalqaro bozorda alohida mamlakatlar emas, balki yaxlit yo‘nalish sifatida raqobatlasha oladi. Bu xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xizmatlar eksportini oshirish va transport infratuzilmasining rivojlanishiga turtki beradi. YeOII davlatlarining ushbu jarayonga jalb qilinishi esa loyihaning qamrovini yanada kengaytiradi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi munosabatlari bugun yangi integratsiya modelini shakllantirmoqda. Unda a’zolik yoki siyosiy majburiyatlardan ko‘ra iqtisodiy manfaat, texnologik taraqqiyot va amaliy samaradorlik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan qaraganda, Toshkent tanlagan pragmatik yo‘l mamlakatning milliy manfaatlarini ta’minlash bilan birga, mintaqadagi iqtisodiy hamkorlik arxitekturasini ham yangi mazmun bilan boyitmoqda.
Xulosa qilib aytganda, YeOII bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun tashqi bozorlarga chiqish, investitsiyalar jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish imkoniyatini kengaytirmoqda. Agar ilgari surilgan tashabbuslar izchil amalga oshirilsa, bu munosabatlar iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha drayverlaridan biriga aylanishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA