O‘zbekiston – Ozarbayjon: Tarixiy hujjat – abadiy do‘stlik va ittifoqchilikning mustahkam poydevori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi hamrohligida 23-avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
“Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni davlatimiz rahbari va rafiqasi kutib oldilar.
Ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.
Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz mintaqalarining geosiyosiy va geoiqtisodiy tizimida Toshkent va Boku o‘rtasidagi strategik sheriklik xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Oliy darajadagi muntazam, ishonchli va samimiy muloqotlar tufayli ikki davlatning xalqaro maydondagi nufuzi, global hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasida ilgari surayotgan tashabbuslari bir-birini o‘zaro to‘ldirib, yuksak sur’at kasb etmoqda.
Oliy martabali mehmon dastlab rafiqasi bilan birgalikda Yangi O‘zbekiston bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Mustaqillik monumentida mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixi, ozodlik va bunyodkorlik ruhi, ilm-ma’rifat va taraqqiyot yo‘lida xizmat qilgan buyuk ajdodlarimiz siymosi aks etgan.
Buyuk bobolarimizning ezgu amallari, insoniyat tamadduniga qo‘shgan hissasi va boy ma’naviy merosi bugun nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak qadrlanmoqda.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yar ekan, Vatan ozodligi, el farovonligining yorqin ifodasi sifatida mag‘rur qad rostlagan majmua qoshida ramziy bosh egdi.
Oliy martabali mehmon yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosi, jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etib, ehtirom ko‘rsatdi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi bilan birgalikda Toshkent shahridagi Haydar Aliyev yodgorligi majmuasiga bordi.
Mazkur ko‘rkam go‘sha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022-yilda Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi, o‘zbek xalqining yaqin do‘sti Haydar Aliyev sharafiga bag‘ishlab barpo etilgan.

Oliy martabali mehmon yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yib, atoqli siyosiy va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi Haydar Aliyev xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.
Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda Ozarbayjon Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib olib, shohsupaga taklif qildi. O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat madhiyalari yangradi.
Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar.
Muzokaralarda O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.

– Sammit yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdig‘i bo‘ladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Parlamentlar, hukumatlar va tarmoqlar o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari va Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
So‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortdi. Energetika, kimyo, konchilik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dastur qabul qilinayotgani mazkur muhim marraga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Yig‘ilish doirasida yangi kooperatsiya loyihalarini bajarishga start beriladi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini faol jalb etish muhimligi ta’kidlandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yetakchilar madaniyat, ta’lim, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy ko‘prik” mavzusida qo‘shma kinofilm yaratish taklif etildi.
Joriy yilning kuzida Ozarbayjonda yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tadi.
2027-yilda mamlakatlarimizda muhim sport voqeasi – futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu borada qo‘shma sport, madaniyat va yoshlarga oid tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutuvchi keng ko‘lamli “Ikki mamlakat – bir chempionat” dasturi ishlab chiqiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislarining axborotlari tinglandi.
Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga qaror qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev qo‘shma loyihalarga start berish marosimida ishtirok etdilar.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Marosim doirasida bank sohasidagi hamkorlik, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta’lim muassasalarini tashkil etish, avtomobillarga yoqilg‘i quyish infratuzilmasini barpo etish, yirik turistik va turar joy majmualarini qurish, mineral xomashyoni qayta ishlash va bog‘dorchilikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi qo‘shma loyihalarga start berildi.
Tadbir ishtirokchilari hududlardagi loyiha maydonlaridan onlayn aloqaga chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdilar.
Yangi qo‘shma loyihalar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi kooperatsiyani yanada kengaytirish, o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni topshirildi.
Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Ozarbayjon Prezidentining qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidladi.
– Siz ulug‘ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ilhom Aliyevning O‘zbekiston – Ozarbayjon ko‘p qirrali munosabatlarini kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning o‘rni beqiyos.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti yuksak e’tirof uchun mamlakatimiz yetakchisi va xalqiga minnatdorlik izhor etib, do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.

O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti va qardosh Ozarbayjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
– Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan ulug‘ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarbayjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.
Ta’kidlash joizki, “Haydar Aliyev” ordeniga turli yillarda Fransiya Prezidenti Jak Shirak, Quvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va boshqa ko‘plab davlat arboblari sazovor bo‘lgan.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladilar.
Davlat rahbarlari huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:
– Pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– 2030-yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dastur;
– Investitsiyalar va savdo sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi;
– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– Adliya vazirliklari o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– Kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonnomalar.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdilar.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi hech mubolag‘asiz tarixiy ahamiyatga ega ekanini chuqur mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bugungi sammitning eng muhim natijasi bo‘lganini qayd etdi. O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, mazkur hujjat hamkorlikni chuqurlashtirish, bu borada mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda mushtarak kelajakni barpo etishga bo‘lgan birgalikdagi intilishning ifodasidir.
Tashrif doirasida ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali mexanizmiga aylangan Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etdi.
Ijtimoiy infratuzilmasi jadal barpo etilib, hududida yangi ish o‘rinlari yaratilayotgan Qorabog‘ni qayta tiklash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
– Ozarbayjon – ishonchli ittifoqchimiz, strategik sherigimiz va bizga qardosh davlat. Munosabatlarimiz zamirida yagona sivilizatsion kod – mushtarak tarixiy ildizlar, ko‘p asrlik do‘stlik, o‘xshash madaniyat va an’analar mujassam, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Sammitga jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borilgani ta’kidlandi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, Hududlar forumi samarali o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida Prezidentlar ko‘p qirrali munosabatlarning barcha jabhalarini atroflicha muhokama qilib, Hukumatlararo komissiya hamraislarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha axborotlarini tingladilar.
Bular, avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, madaniyat va boshqa sohalardir.
Tomonlar siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, parlamentlar va hukumatlar, tarmoq idoralari hamda hududlar o‘rtasidagi faol aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.
Asosiy e’tibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ushbu muhim marraga erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan tegishli dastur qabul qilindi.
Sanoat kooperatsiyasida yangi o‘sish nuqtalari belgilandi.
Mazkur tashrifga tayyorgarlik doirasida energetika, geologiya, kimyo, qurilish, moliya, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalarining salmoqli to‘plami shakllantirildi.
Ushbu loyihalarni ilgari surishda bir necha yil avval tashkil etilgan Investitsiya jamg‘armasi muhim o‘rin tutmoqda.
Hududlar imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu maqsadda joriy oyda Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari hokimlari Ozarbayjonda bo‘ldilar.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi – transport-tranzit sohasi, xususan, Transkaspiy koridorini birgalikda rivojlantirish, logistika infratuzilmasi samaradorligini oshirish va yuk tashuvlarini rag‘batlantirish.
Ikki xalq o‘rtasidagi yaqin madaniy-gumanitar aloqalar ishonchli do‘stlik ko‘prigi vazifasini o‘tamoqda.
Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari hamda Ozarbayjonda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi o‘tkaziladi.
FIFA qaroriga ko‘ra, kelasi yili O‘zbekiston va Ozarbayjon futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilishi ta’kidlandi.
Ushbu yirik sport tadbiri doirasida keng ko‘lamli “Ikki mamlakat – bir chempionat” dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida ozarbayjonlik hamkasbiga taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tarixiy tashrif yakunlari hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitib, qo‘shma loyihalar va ikki qardosh mamlakatning barqaror taraqqiyoti uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdi.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurdilar.
Bu yerda Ozarbayjon yetakchisiga Yangi Toshkent bosh rejasi, qurilish ishlarining borishi, shaharning transport va muhandislik infratuzilmasi hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida taqdimot qilindi.

Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 million aholi yashashi uchun mo‘ljallangan. 2034-yilga qadar bu yerda 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning 6 ming gektarni qamrab olgan birinchi bosqichida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va biznes ob’ektlari, ta’lim va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining kampuslari qurilmoqda.
Shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” va energiya samaradorligi tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Muhandislik kommunikatsiyalarini yer ostida joylashtirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, keng yashil hududlar va jamoat makonlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Transport infratuzilmasi ham yangi shaharning muhim tarkibiy qismi bo‘ladi. Yangi ko‘priklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yo‘laklari Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududlari bilan uzviy bog‘laydi.
Shuningdek, shaharda davlat idoralari, ilmiy va madaniy markazlar, mehmonxonalar, servis hamda biznes majmualari barpo etiladi. Loyihaga mahalliy va xorijiy investorlar keng jalb qilinmoqda.
Prezident Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning maketi va rejalashtirilayotgan yirik ob’ektlar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ochish marosimida ishtirok etdilar.
Davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdilar.
Prezidentlarga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, ta’lim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari hamda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Birinchi bosqich doirasida 12 ming o‘rinli besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.
Davlat rahbarlari kampusda yaratilgan o‘quv va ilmiy muhit, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.
Muzeyda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning boy ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy hamda adabiy aloqalar aks ettirilgan.

Yetakchilar ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, yosh avlodni umumiy ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlarini boshlab berdilar.
Bog‘ uchun Yangi Toshkentda 4 gektar maydon ajratilgan. Bu yerda Ozarbayjonning boy madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va milliy an’analarini aks ettiradigan zamonaviy jamoat makoni tashkil etiladi. U ikki qardosh xalqning madaniy yaqinligi va do‘stligini namoyon etadigan maskanga aylanadi.
Ta’kidlash joizki, bunday ezgu tashabbus ikki tomonlama xususiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Boku shahrining “Oq shahar” hududida “O‘zbekiston” bog‘iga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yilgan edi.

4,5 gektar maydonda tashkil etiladigan ushbu majmuada O‘zbekistonning boy madaniyati va an’analari, milliy me’morchilik maktabi o‘ziga xos tarzda namoyon etiladi. Unda mamlakatimiz tarixiy obidalarining me’moriy timsollari, yashil hududlar va sayr maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Shu tariqa Toshkentdagi “Ozarbayjon” va Bokudagi “O‘zbekiston” bog‘lari ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligi, o‘zaro hurmati va ma’naviy yaqinligining yana bir yorqin ramzi bo‘ladi.
Davlat rahbarlari bo‘lajak bog‘ hududida ramziy kapsulani joylashtirib, loyihani amalga oshirishga start berdilar.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA muxbirlari