O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sherikligi yangi bosqichda
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabati Markaziy Osiyo hamda Kavkaz mintaqasidagi eng tez sur’atda rivojlanayotgan strategik sheriklik formatlaridan biriga aylandi.
Ilgari asosan madaniy yaqinlik va diplomatik muloqot doirasida namoyon bo‘lgan ikki tomonlama aloqalar bugun mutlaqo yangi geosiyosiy mazmun kasb etmoqda. Endi gap faqat ikki qardosh davlat munosabati emas, balki Yevrosiyo makonida shakllanayotgan yangi transport-energetik arxitekturaning muhim ustunlari haqida bormoqda.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev mavzuni tahlil qilarkan, jahonda global logistika zanjiri o‘zgarayotgan, an’anaviy savdo yo‘laklari geosiyosiy xavf ta’sirida qayta shakllanayotgan bir payt Toshkent va Boku o‘zaro yaqinlashuvni strategik darajaga ko‘tarayotganiga urg‘u berdi. Ayniqsa, O‘rta yo‘lak – Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi faollashuvi ikki mamlakat munosabatiga mutlaqo yangi iqtisodiy va siyosiy ahamiyat baxsh etdi. Bugun O‘zbekiston Markaziy Osiyoning ishlab chiqarish va tranzit markaziga aylanishni maqsad qilgan bo‘lsa, Ozarbayjon Kaspiy orqali Yevropa bozoriga chiqishda hal qiluvchi logistik xab sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamlamoqda .Mutaxassislar fikricha, 2017-yildan keyin O‘zbekiston tashqi siyosati ochiq va pragmatik yo‘nalishga o‘tishi ikki davlat munosabatida burilish nuqtasi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan mintaqaviy ochilish siyosati Boku bilan aloqalarni faollashtirdi va avval faqat deklarativ tusda bo‘lgan hamkorlik amaliyotga ko‘cha boshladi. Shu davrdan e’tiboran yuqori darajadagi tashriflar muntazam tus oldi, strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi, iqtisodiyot, transport sohalarida qator yirik kelishuvlarga erishildi .Aslida O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabati mustahkamlanishi ortida bir necha chuqur omil mavjud.
Birinchi – sivilizatsion yaqinlik. Ikki xalqni til, madaniyat, tarixiy xotira va turkiylik birlashtirib turadi. Ya’ni, munosabat faqat manfaat asosida emas, balki o‘zaro ishonch muhitida qurilmoqda. Ikkinchi – tashqi siyosatdagi o‘xshash yondashuv. Har ikki davlat ko‘p vektorli siyosatni qo‘llab-quvvatlaydi, tashqi kuchlar ta’siridan nisbatan mustaqil harakat qilishga intilmoqda va milliy manfaatga asoslangan pragmatik tashqi iqtisodiy modelni shakllantirmoqda.
Bugungi kunda munosabatlarning asosiy drayveri iqtisodiy pragmatizm hisoblanadi. So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar oshdi. 2017-yil o‘zaro savdo qiymati 100 million dollardan kam bo‘lgan, hozir 500 million dollarga yaqinlashgan bu ko‘rsatkichni tomonlar yaqin yillarda 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bu raqamlar shunchaki statistika emas, ikki davlat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi. O‘zbekiston Ozarbayjonga qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va kimyo sanoati mahsulotlari eksport qilmoqda. Ozarbayjon esa neft-kimyo, qurilish materiallari va energetika sohasidagi mahsulotlar bilan javob qaytarmoqda.
Yana bir muhim jihat – o‘zaro munosabat endi oddiy savdo hamkorligi doirasidan chiqib, infratuzilmaviy ittifoqqa aylanmoqda. Xususan, O‘rta yo‘lak loyihasi doirasida O‘zbekistonning Kaspiy orqali Yevropa bozoriga chiqish imkoniyati kengaymoqda. Bunda Boku porti hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ozarbayjon o‘zini Sharq va G‘arbni bog‘lovchi tranzit markaz sifatida namoyon etyapti, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoning asosiy eksport platformasiga aylanishga intilmoqda. Manfaatlar uyg‘unligi hamkorlikni yanada chuqurlashtirmoqda.
Munosabat faqat iqtisodiyot bilan cheklanmayapti. Ikki davlat Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ham yaqin sheriklikni yo‘lga qo‘ygan. Bu tashkilot so‘nggi yillarda madaniy maydondan siyosiy-iqtisodiy platformaga aylanmoqda. Toshkent va Boku aynan shu maydonda transport integratsiyasi, energetika xavfsizligi, raqamli iqtisodiyot va gumanitar hamkorlik bo‘yicha umumiy kun tartibini ilgari surmoqda.
Mutaxassislar fikricha, kelasi bosqichda O‘zbekiston – Ozarbayjon sherikligi uch yo‘nalishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Birinchisi – transport geosiyosati. Ya’ni, Xitoydan Yevropagacha bo‘lgan yangi savdo yo‘lida ikki davlatning rolini oshirish. Ikkinchisi – “yashil” energetika. Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilayotgan qayta tiklanuvchi energiyani Kaspiy orqali Yevropa bozoriga yetkazish g‘oyasi Toshkent va Bokuni strategik energetik hamkorlarga aylantiradi. Uchinchisi – raqamli integratsiya. Kiber xavfsizlik, elektron hukumat va IT-infratuzilma sohalarida hamkorlik yangi texnologik o‘qni shakllantirishi ehtimoli yuqori .E’tiborli tomoni shundaki, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabati MDH makonidagi ko‘plab ittifoqlardan farqli ravishda mafkuraviy emas, amaliy asosda rivojlanmoqda.
Bu jarayonda siyosiy deklaratsiyadan ko‘ra, ko‘proq infratuzilma, investitsiya, tranzit va texnologiya ustuvor. Aynan shu jihat ikki davlat sherikligini barqaror va uzoq muddatli formatga aylantirmoqda.
O‘rta yo‘lakdan “yashil” energetikagacha O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatining bugungi bosqichi oddiy diplomatik yaqinlashuvdan ancha yuqoriga ko‘tarildi. Endi ikki davlat nafaqat siyosiy sherik, balki Yevrosiyoda shakllanayotgan yangi geoiqtisodiy tizimning muhim ishtirokchilari sifatida ko‘riladi. Ayniqsa, transport yo‘laklari, energetika va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlik munosabatlarga mutlaqo yangi strategik mazmun bermoqda .So‘nggi yillarda logistika xavfsizligi dunyo bo‘ylab jiddiy muammoga aylandi.
Rossiya – Ukraina urushi, Qizil dengizdagi xavf va global savdo zanjiridagi uzilish davlatlarni yangi transport yo‘nalishlari izlashga majbur qildi. Shunday sharoitda O‘rta yo‘lak loyihasi xalqaro iqtisodiy tizimning eng muhim muqobil yo‘llaridan biri sifatida oldinga chiqdi. Bu yo‘nalish Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy dengizi – Kavkaz – Turkiya – Yevropa zanjiri orqali o‘tadi. Mazkur tizimda O‘zbekiston ishlab chiqarish va yuk shakllantirish markazi bo‘lsa, Ozarbayjon Kaspiy orqali asosiy tranzit xab vazifasini bajaradi.
Bokudagi Alyat xalqaro dengiz porti mazkur strategiya yuragiga aylanmoqda. Endi Markaziy Osiyodan kelayotgan yuk Kavkaz va Yevropa tomon yo‘naltirilmoqda. O‘zbekiston esa konteyner tashuvi hajmini oshirish orqali ushbu yo‘lakdagi ishtirokini kuchaytiryapti. Bu jarayon nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ahamiyatga ham ega. Zero, transport yo‘laklari XXI asrda geosiyosiy ta’sir vositasiga aylanib ulgurdi. Logistikani nazorat qilgan tomon mintaqaviy iqtisodiy jarayonga ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi .Toshkent va Boku munosabatidagi yana bir muhim yo‘nalish energetika hamkorligidir. Hozircha aloqa to‘liq shakllanib ulgurmagan bu sohaning istiqboli juda katta. Neft va gaz eksporti bo‘yicha mintaqaning eng muhim o‘yinchilaridan biri sanaladigan Ozarbayjonning Yevropa energetika bozoridagi roli yil sayin ortmoqda.
O‘zbekiston esa tabiiy resurslar bilan birga qayta tiklanuvchi energiya sohasida ulkan salohiyatga ega davlat .“Yashil energetika yo‘lagi” loyihasiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol energiyasi Kaspiy orqali Ozarbayjon va Gruziya yo‘nalishi bilan Yevropa bozoriga uzatilishi mumkin. Agar bu loyiha amalga oshsa, O‘zbekiston birinchi marta Yevropa energetika xavfsizligi tizimida muhim ishtirokchiga aylanadi. Ozarbayjon esa neft-gaz davlatidan tashqari “yashil” energiya tranziti markazi maqomini ham qo‘lga kiritadi.
Ikki davlat munosabatining yana bir muhim xususiyati – raqamli transformatsiya sohasidagi yaqinlashuv. Ozarbayjon elektron hukumati va “aqlli shahar” tizimini joriy qilishda boy tajriba to‘plagan. O‘zbekiston esa “Raqamli O‘zbekiston-2030” dasturi orqali davlat boshqaruvini tubdan modernizatsiya qilishga kirishgan. Shu nuqtai nazardan IT, sun’iy intellekt, kiber xavfsizlik va moliya texnologiyasi sohalaridagi hamkorlik ikki davlat munosabatining yangi drayveriga aylanishi mumkin.
Gumanitar va madaniy yaqinlik ham siyosiy sheriklikni mustahkamlayotgan muhim omildir. Navoiy va Nizomiy merosi, turkiy sivilizatsiyaga mansublik, umumiy tarixiy xotira ikki xalq o‘rtasidagi ishonch muhitini kuchaytiryapti. Ayniqsa, talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari va madaniy forumlar kelajakda yangi elita va ekspertlar avlodini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umumiy manzaraga qaralsa, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabati turkiy dunyodagi eng istiqbolli strategik sheriklikka aylanmoqda. Bu hamkorlikning asosiy ustunligi quruq siyosiy bayonotlarga emas, balki transport, energetika, investitsiya va texnologiya kabi aniq manfaatlarga tayanganida. Shu jihatdan Toshkent va Boku yaqin yillarda nafaqat mintaqaviy, balki keng Yevrosiyo makonida ham muhim geoiqtisodiy o‘qqa aylanishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA