O‘zbekiston – Ozarbayjon: Sheriklikning yangi bosqichi sari
Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy shaxsiyatiga murojaat qilganimizdayoq ikki qardosh xalq qarashlarida do‘stlik g‘oyasi mujassamligiga guvoh bo‘lamiz. Demak, mamlakatlarimiz hamkorligi o‘zaro manfaatli va an’anaviy birodarlikning kuchli poydevoriga tayangan.
Darhaqiqat, xalqlarimizni tarix, til, din, qadriyat, qardoshlik rishtalari bog‘lab turadi. Bugun ikki davlat yetakchilarining yuksak o‘zaro ishonchga asoslangan munosabati tufayli O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi sheriklik yuksak darajaga chiqib, ijobiy va barqaror rivojlanish sur’atini namoyon etmoqda.
Bu ikki qardosh o‘lka bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Qo‘shilmaslik harakati kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin hamkorlik qilib, bir-birining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Aslida, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar yildan-yilga mustahkamlanib borayotgani zamirida davlat rahbarlarining do‘stona munosabati, o‘zaro tashriflar chog‘ida erishilgan hujjatlar yotadi.
Prezident Ilhom Aliyevning mamlakatimizga bu galgi davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Ozarbayjon Davlatlararo oliy kengashi birinchi majlisi hamkorlikning barcha jabhalarini atroflicha qamrab olib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
Ishonchimiz komilki, muzokaralar qardosh mamlakatlarimiz munosabatini qator istiqbolli yo‘nalishlarda yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ayni payt O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy yaqin qardoshlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan. Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot tufayli mavjud sheriklik barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda.
Muxtasar aytganda, Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga bu gal amalga oshirgan davlat tashrifi o‘zaro manfaatga asoslangan yaqin qardoshlik munosabatini mustahkamlashi barobarida, ikki tomonlama aloqalarni yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Dilmurod Dilmurodov,
Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi
Yosh diplomatlar klubi a’zosi,
O‘zA