O‘zbekiston – Ozarbayjon: madaniy merosimiz uyg‘un
Hamkorlarimiz sahifalarida
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Ozarbayjonga tashrif doirasida Boku shahridagi Xalqaro mug‘om markazida ham bo‘ldi, deya xabar beradi “Trend” axborot agentligi.
Xalqaro mug‘om markazi direktori, xalq artisti Murod Huseynov mehmonlarga Ozarbayjon musiqa madaniyati, mug‘om san’ati haqida gapirib berdi. Ozarbayjon mug‘omi, ushbu san’at turiga xos asosiy cholg‘u asboblari – tor, kamoncha YUNESKO nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani ta’kidlandi.
- Haydar Aliyev jamg‘armasi markaz bilan hamkorlikda mug‘omni dunyoga tanitish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirmoqda, - deydi Murod Huseynov. - Dunyoga mashhur musiqachi va ijrochilar bilan yaqin aloqa, do‘stona munosabat o‘rnatilgan. Muntazam ravishda ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Ayni payt mug‘om ijrochilari chiqish qilmagan qit’a qolmagan.

Aziz Abduhakimov Xalqaro mug‘om markazi rahbariyatiga, markaz xonandalari va “Qorabog‘” mug‘om guruhi a’zolariga O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Lazgi” xalqaro musiqa festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirib, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikka oid takliflari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zaro ijodiy almashinuv muhimligi qayd etildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA