O‘zbekiston – Ozarbayjon: hamkorlik ko‘lami yanada kengayadi
Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri M.Jabbarov boshchiligidagi delegatsiya Buxoroga keldi. Delegatsiyani Buxoro xalqaro aeroportida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Qudratov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Buxoroda ikki davlat o‘rtasidagi tor doiradagi uchrashuv, O‘zbekiston – Ozarbayjon investitsiya kompaniyasining kuzatuv kengashi yig‘ilishi, shuningdek, hukumatlararo komissiyaning 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan bu tizimli tashabbus natijasida tovar aylanmasi 27 foizga, transport logistika yo‘nalishi 22 foizga o‘sdi. Davlatlararo tovar almashish hajmini 30 foizga yoki 1 milliard dollardan oshirish reja qilingan. Ayni masalalar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning Buxoro shahrida o‘tgan 13-yig‘ilishida muhokama qilindi. Unda ikki davlatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va ta’lim muassasalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish, energetika va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha tomonlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
– Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida azaldan do‘stona va yaqin qardoshlik munosabatlari qaror topgan, – deydi Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov. – Biz bugun muloqotlar jarayonida ikki davlat rahbarlarining uzoqni ko‘zlagan ko‘p qirrali hamkorlik kelishuvlaridan kelib chiqib, juda ko‘plab yo‘nalishlarda muzokaralar olib bordik. Ayniqsa, O‘zbekiston va Ozarbayjon investitsiya fondini shakllantirish va bu bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha tor doirada uchrashuvlar o‘tkazdik. Neft-gaz, to‘qimachilik, mashinasozlik, qolaversa transport logistika sohasidagi ishlarimiz ko‘lamini oshirish rejalari ishlab chiqildi. Yana bir ahamiyatli tomoni bor. Biz hukumatlararo komissiyalarning yig‘ilishlarini faqatgina poytaxtlarda emas, balki sanoati rivojlanayotgan hududlarda o‘tkazishni reja qilganmiz. O‘tgan yili 12-yig‘ilishimiz Shusha shahrida o‘tgan edi. Bugun qadimiy Buxoroda yig‘ildik. O‘ylaymanki, bugun barcha yo‘nalishlar qatori turizm rivojiga xizmat qiluvchi loyihalarimiz ham keng qamrovli bo‘ladi.
[gallery-18222]
Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 13-yig‘ilishi bayonnomasi hamda hukumatlararo komissiya doirasida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi boshqa bir qator hujjatlar imzolandi.
Ozarbayjon delegatsiyasi Buxoro shahrining tarixiy qadamjo va ziyoratgohlari bilan ham tanishdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.