O‘zbekiston – O‘mon: transport hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Global iqtisodiy jarayonda transport yo‘laklari xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirishda hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyoning yirik davlati sifatida O‘zbekiston va Yaqin Sharqda muhim logistika markazlaridan biri bo‘lgan O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ikki mamlakatning transport va logistika sohasidagi tashabbuslari mintaqalar o‘rtasidagi savdo aloqalarini mustahkamlash, yangi tranzit yo‘nalishlarini shakllantirish hamda xalqaro yuk tashish tizimini diversifikatsiya qilish maqsadlarini ko‘zlaydi.
“Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi a’zosi Sabina Latipova o‘z tahlilida dastlab O‘zbekiston va O‘mon munosabatlari tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarga tayanishiga e’tibor qaratgan. So‘nggi yillarda bu hamkorlik yangi mazmun bilan boyidi. Tomonlar ayniqsa transport va logistika sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beryapti. Ayni jarayon Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini oshirish, mintaqaviy savdo yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va xalqaro logistika tarmog‘ini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yil 15-17-fevral kunlari O‘mon Sultonligi transport, aloqa va axborot texnologiyalari vaziri o‘rinbosari Hamis Al-Shammaxiy boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi. Mazkur rasmiy tashrif doirasida 16-fevral kuni mamlakatimiz transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov O‘mon delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muzokara chog‘ida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Xususan O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon transport yo‘lagi doirasidagi hamkorlik, shuningdek “Ashxobod kelishuvi” asosida amalga oshirilayotgan tashabbuslar diqqat markazida bo‘ldi. Tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasidagi aloqalarni rivojlantirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, O‘monning Salala, Sohar va Duqum portlari orqali yuk tashish hajmini oshirish, multimodal logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Mazkur portlar Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jahon bozorlariga chiqish uchun muhim transport markazlari sifatida ko‘rilyapti.
Muloqot davomida logistika yo‘laklarini rivojlantirish, avtomobil va temir yo‘l tarmoqlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish mavzulari ham ko‘tarildi. Bunday loyihalar Markaziy Osiyo davlatlarini O‘mon portlari bilan samarali bog‘lab, qit’alar aro savdo uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
O‘zbekiston transport-tranzit loyihalarini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bunday tashabbuslar Markaziy Osiyoni Sharq – G‘arb va Shimol – Janub xalqaro transport yo‘laklari kesishgan muhim tranzit hudud sifatidagi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bois transport sohasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarda, balki mintaqamizning barcha davlatlari uchun strategik ahamiyatga ega. Ayni yo‘nalishda Toshkent xalqaro sheriklar bilan transport diplomatiyasini faol ilgari surmoqda.
Markaziy Osiyo transport imkoniyatini kengaytirish mamlakatlarimiz jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvida muhim omil hisoblanadi. Hozir O‘zbekiston tashqi siyosatida turli davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, uzoq muddatli va ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xulosa shuki, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida transport-logistika sohasida shakllanayotgan hamkorlik nafaqat tranzit salohiyatini oshiradi, balki iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarni ham yangi bosqichga olib chiqadi. Bu jarayon mintaqaviy transport tarmoqlarini kengaytirish, xalqaro savdoni rag‘batlantirish hamda o‘zaro ishonchga asoslangan barqaror sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA