O‘zbekiston oilaviy giperxolesterinemiyaga qarshi global kurashga qo‘shildi
Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Butunjahon Yurak federatsiyasining 2022-yilgi xolesteringa qarshi kurash Yo‘l xaritasida global sog‘liqni saqlash tizimi oldida oilaviy giperxolesterinemiya – qondagi xolesterin miqdorining normadan yuqori bo‘lishi (OGX) muhim muammolardan biri sifatida keltiriladi. Bu irsiy kasallik odam tug‘ilganidan boshlab qondagi “yomon” xolesterin – LDL darajasining yuqori bo‘lishiga sabab bo‘ladi va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini keskin oshiradi.
O‘zbekiston uchun ushbu muammo ayniqsa dolzarb hisoblanib, yurak-qon tomir kasalliklari barcha o‘lim holatlarining qariyb 60 foizini tashkil etadi. Ularning katta qismi ateroskleroz bilan bog‘liq bo‘lib, bu holat dislipidemiyani barvaqt aniqlash va nazorat qilishni strategik vazifaga aylantiradi. Davlat tomonidan belgilangan maqsad — 2030-yilga qadar yurak-qon tomir kasalliklaridan erta o‘limni 30 foizga kamaytirish — aynan shu yo‘nalishdagi samarali chora-tadbirlarni talab etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda oilaviy giperxolesterinemiya har 200 kishidan birida uchraydi. Shu hisob-kitoblarga tayanilsa, O‘zbekistonda taxminan 190 ming nafar aholi ushbu kasallik bilan yashamoqda. Eng xavflisi, OGX ko‘p hollarda o‘z vaqtida aniqlanmaydi va 25-55 yoshdagi insonlarda yurak infarkti xavfini bir necha barobarga oshiradi.
Aynan shu muammoni hal etish maqsadida O‘zbekiston xalqaro tibbiy hamjamiyatga qo‘shildi. Respublika Ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va O‘zbekiston Kardiologlar assotsiatsiyasi bir qator yirik xalqaro tashabbuslarda ishtirok etmoqda. Jumladan, Yevropa Ateroskleroz jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan global tashabbuslar, Sharqiy Yevropa miqyosidagi skrining loyihalari hamda gomozigot OGX bo‘yicha xalqaro klinik hamkorlik dasturlari shular jumlasidan.
2025-yildan boshlab esa O‘zbekiston Yevropa Ateroskleroz jamiyatining “Lipid klinikalari tarmog‘i”ga ham qo‘shildi. Bu ishtirok nafaqat tajriba almashish, balki ilg‘or diagnostika va davolash usullarini mamlakatga joriy etish imkonini yaratmoqda. Ayniqsa, yangi avlod sekvenirlash texnologiyasining joriy qilinishi muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ilmiy grant doirasida ilk bor o‘zbek populyatsiyasida OGXning genetik variantlari chuqur o‘rganilmoqda.
Tadqiqotning dastlabki bosqichidayoq salmoqli natijalarga erishildi: 2025-yilda yurak ishemik kasalligi va OGXga chalingan bemorlarda 10 ta patogen genetik variant va 21 ta noaniq ahamiyatga ega variant aniqlandi. Bu esa oilalarda kaskadli skrining o‘tkazish, ya’ni qarindoshlarda kasallikni erta bosqichda aniqlash imkonini bermoqda.
Aynan erta tashxis va profilaktika yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu ma’noda, O‘zbekistonning xalqaro ilmiy loyihalarga qo‘shilishi nafaqat milliy sog‘liqni saqlash tizimi rivojiga, balki butun mintaqada ushbu kasallikka qarshi kurash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston oilaviy giperxolesterinemiyani o‘rganish va davolash bo‘yicha global sa’y-harakatlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Bu esa kelajakda yurak-qon tomir kasalliklaridan kelib chiqadigan xavflarni kamaytirish va aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA