“O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” start oldi
O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Shayxontohur sport maktabi sport zallarida diniy soha xodimlari o‘rtasida sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqalarining respublika bosqichiga start berildi.

Musobaqalarning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, ushbu musobaqa respublika bo‘ylab diniy soha vakillarini bir maydonga jamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, dinimiz sport bilan shug‘ullanishga ham chaqirishi qayd etildi.
Musobaqalar Sport vazirligi bilan hamkorlikda hamda O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari tasdiqlagan tartib-qoidalar asosida nimchorak final, chorak final, yarim final va final bosqichlari ko‘rinishida o‘tkazilmoqda.


N.Rahmonova, O‘zA