O‘zbekiston – Misr: zargarlik sanoatida hamkorlik
Misr Arab Respublikasining zargarlik sanoati vakillari –Zargarlik qo‘mitasi raisi, “Vassef juvelieri” brendining asoschisi Ixab Vasfi Amin Vassef, shuningdek, “Keermina juvelieri” korxonasi ta’sischisi Mamdux Abdalla Gabala Musad, “King Gold” korxonasi ta’sischisi Shaker Fayzi Shaker, Helvan universitetining San’at ta’limi kafedrasi zargarlik buyumlari dizayni o‘qituvchisi Karam Mosaad Axmed Moxamed Faraxdan iborat delegatsiya a’zolari yurtimizga amalga oshirgan safarlari davomida Buxoro viloyatida ham bo‘lishdi.
Tashrif doirasida dastlab viloyat hokimligida uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot avvalida viloyat hokimi Botir Zaripov O‘zbekiston hamda Misr davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va teng manfaatli savdo–iqtisodiy, madaniy–ma’rifiy hamkorlik aloqalari so‘ngi yillarda har jihatdan ravnaq topib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Ayni kunda ko‘hna va boqiy Buxoro va uning salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, madaniy turizm, hunarmandchilikni, ayniqsa, bu jarayonda har ikki mamlakat uchun ham istiqbolli sanalgan zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Viloyat rahbari misrlik tadbirkor –sarmoyadorlarga yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar va biznes muhiti haqida ma’lumot berar ekan, hunarmandchilik, xususan, zargarlikni ravnaq toptirishda Misr Arab Respublikasi ishbilarmonlari bilan o‘zaro hamkorlikka tayyorligini bildirib, taklif va mulohazalarini bayon etdi.

Misr Arab Respublikasi delegatsiyasi rahbari, Zargarlik qo‘mitasi raisi Ixab Vasfi Amin Vassef samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun Buxoro viloyati hokimiga o‘z minnatdorligini bildirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalari azaliy tarixga borib taqalishi, hozirda ham arab davlatida O‘zbekiston, Samarqand va Buxoro haqida yaxshi bilishlari, buyuk alloma bobomiz Ahmad Farg‘oniy, qolaversa, tib ilmi asoschisi Ibn Sino ilmiy merosidan xabardorliklarini bildirdi. Jumladan, Qohira atrofida etnik o‘zbeklar, Markaziy Osiyodan borgan xalqlar vakillari istiqomat qiladigan alohida mahalla saqlanib qolgani ta’kidlandi. Ayni paytda Misrda millionlab so‘fiylar Buxoro va O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi ziyoratgohlarga tashrif buyurishni istashlarini e’tirof etdi. O‘z navbatida O‘zbekiston Prezidentining Misrga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida tarixiy qadam bo‘lganini qayd etdi. Albatta, amaliy konstruktiv ahamiyatga ega mazkur tashrif bejiz emasligi, madaniy-ijtimoiy, turizm va hunarmandchilik sohalarida bu o‘z samarasini berishi, qadimiy va hamisha navqiron Buxoroda misrlik investorlar loyihalari amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.


Delegatsiyaning viloyatga tashrifi kun tartibiga ko‘ra ular Buxoroning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi. Shuningdek, Xo‘ja Nurobod ko‘chasida joylashgan Buxoro zargarlik maktabida usta hunarmandlar, zargarlar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.

Zarif Komilov, O‘zA