O‘zbekiston meva-sabzavotlarining Latviyaga eksporti 7 million yevroga yetdi
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish hamda o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini xalqaro andazalar asosida takomillashtirish maqsadida Latviya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida «O‘zbekistonda xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni rivojlantirish» loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida yurtimiz mutaxassislari Riga shahrida Latviyaning fitosanitariya eksport tizimi, o‘simliklarni himoya qilish va karantin tadbirlarini tashkil etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, zamonaviy raqamli nazorat hamda monitoring vositalarini o‘rganib, ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga tatbiq etish borasida malaka oshirdi.
O‘quv dasturi doirasida oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, ilmiy hamda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Latviyalik mutaxassislar bilan birgalikda zararli organizmlarni aniqlash, monitoring qilish va prognozlash, xavf-xatarlarni baholash hamda hududlar bo‘yicha fitosanitariya nazoratini tashkil etishda zamonaviy axborot tizimlarining imkoniyatlari chuqur tahlil qilindi. Bunday yondashuv o‘simliklar salomatligini kafolatlash, xavfli organizmlar tarqalishining oldini olish, tezkor monitoring yuritish va tegishli fitosanitariya choralarini o‘z vaqtida belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi vakillari Latviyaning nufuzli BIOR – Oziq-ovqat xavfsizligi, hayvonlar salomatligi va atrof-muhit ilmiy institutida bo‘lib, mazkur muassasa laboratoriyalari faoliyati, ilg‘or tahlil usullari hamda laboratoriya tadqiqotlarini tashkil etish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif chog‘ida asosiy e’tibor pestitsid qoldiqlarini aniqlash usullariga qaratildi. Mutaxassislarga mahsulotlarda kimyoviy moddalar mavjudligini aniqlash, olingan natijalarni xolis baholash va tahlillarning yuqori darajadagi ishonchliligini ta’minlashda qo‘llaniladigan zamonaviy laboratoriya yondashuvlari namoyish etildi.
Ma’lumot o‘rnida keltirish joizki, BIOR instituti laboratoriyalarida ISO/IEC 17025 xalqaro standarti talablari asosida ishlaydigan taxminan 400 ta akkreditatsiya qilingan tahlil usuli mavjud bo‘lib, kimyo laboratoriyasida oziq-ovqat mahsulotlari va atrof-muhit namunalari xromatografiya va mass-spektrometriya kabi ilg‘or instrumental usullar yordamida tahlil qilinadi. Pestitsid qoldiqlarini qat’iy nazorat qilish oziq-ovqat xavfsizligining ajralmas qismi hisoblanib, bunday laboratoriya tahlillari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida o‘simliklarni himoya qilish vositalari qoldiqlarini aniqlash va ularning belgilangan xavfsizlik talablariga to‘liq mosligini baholash imkonini beradi. Dastur davomida namunalarni laboratoriyaga qabul qilish va tahlilga tayyorlash, sifatni boshqarish hamda natijalarning ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha ham fikr almashildi.
O‘zbekiston va Latviya mutaxassislari o‘rtasidagi mazkur hamkorlik laboratoriya diagnostikasi sifatini yanada oshirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda yurtimizda xalqaro talablarga to‘la javob beradigan xavfsiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA