O‘zbekiston – Malayziya: ta’lim sohasidagi hamkorlik
“Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy ta’lim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzusida birinchi O‘zbekiston-Malayziya ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro forumda “Yashil iqtisodiyot” va turizm masalalari”, shuningdek, “Sanoat inqilobi 5.0, sun’iy intellekt va metatexnologiyalar” mavzulariga bag‘ishlangan sessiyalarda ikki davlat uchun dolzarb bo‘lgan ilmiy va texnologik masalalar muhokama qilindi.

Malayziya – O‘zbekiston Oliy ta’lim forumi va ko‘rgazmasida oliy ta’lim muassasalari va xorijiy kompaniyalar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash hamda amaliy bosqichga o‘tishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Forumda ta’lim va ilm-fan sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi hamda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 50 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolandi.
O‘zbekiston – Malayziya ta’lim forumi doirasida Malayziya Perlis universiteti, Sultan Idris pedagogika universiteti hamda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti o‘rtasida Memorandum imzolandi.

– Memorandumda Malayziya Perlis universiteti va Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamkorligida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha “yashil iqtisodiyot” va “inklyuziv ta’lim” mezonlariga asoslangan holda qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yishdir, –deydi institut rektori Sadoqat Siddiqova. – Shuningdek, Buxoro muhandislik-texnologiya institutida hamkorlikda “Yashil qurilish materiallari” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish, Magistratura va undan keyingi (RhD) bosqichdagi izlanuvchilarga ikkala ta’lim tashkilotidan rahbar tayinlashdan iborat.
Akademik mobillik va professor-o‘qituvchilarning stajirovkalarini tashkil qilish, ilmiy jurnallar tahririyati a’zoligiga har ikkala tomondan yetakchi professor-o‘qituvchilarni kiritish, Cradle Fund, MaGIC (Malaysian Global Innovation & Creativity Centre), Tamarai Ventures kabi investitsion kompaniyalar bilan xorijiy investitsiyalarni start-ap loyihalarga jalb qilish kelishuvlarini amalga oshirishdir. Sultan Idris pedagogika universiteti bilan “Yashil universitetlar, yashil iqtisodiyot, aqlli shaharlar va innovatsiyalar” loyihasi bo‘yicha hamkorlik qilish kabi kelishuvlarga erishiladi.
Malayziya-O‘zbekiston ta’lim forumida Petronas texnologiya universiteti hamda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti o‘rtasida neft, gaz va energetika sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri