O‘zbekiston maktab o‘quvchilari qit’ada tengsiz
Qozog‘istonning Olmaota shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan, jahon chempionatiga yo‘llanma taqdim etuvchi Osiyo saralash musobaqasida O‘zbekiston yoshlar jamoasi tarixiy natija qayd etib, qit’a chempioniga aylandi.
Ushbu nufuzli musobaqada 19 davlatdan 26 ta jamoa ishtirok etdi. Ular orasida mamlakatimiz sharafini ikki jamoa — “WISDOM SCHOOL” va “AL-KHWARIZMI IT SCHOOL” munosib himoya qildi. Ayniqsa, Abdumajid Botiraliyev, Oriyat Obidjonov, Biloliddin Obidov va Alisher Abduqayumovdan iborat “WISDOM SCHOOL” jamoasi barcha o‘yinlarda deyarli ustunlikni qo‘ldan boy bermasdan, 8 tur yakunlariga ko‘ra 228 ochko jamg‘arib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.
Jamoa musobaqa davomida Qirg‘iziston, Bahrayn, Yangi Zelandiya, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston va Xitoy kabi davlatlarning kuchli jamoalarini mag‘lub etib, so‘nggi turda Olmaotaning “RPMS ALMATY” jamoasini 4:0 hisobida yengdi va chempionlikni ishonchli tarzda rasmiylashtirdi.

Shuningdek, “AL-KHWARIZMI IT SCHOOL” jamoasi ham munosib ishtirok etib, qimmatli tajriba to‘pladi.
G‘alabadan so‘ng qahramonlar Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Ularni sport mutasaddilari, murabbiylar, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari iliq qarshiladi. G‘olib jamoa a’zolari alohida e’tirof etilib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Mazkur ulkan yutuq O‘zbekiston yosh shaxmatchilarining xalqaro maydondagi salohiyati tobora ortib borayotganini namoyon etibgina qolmay, mamlakatimizda intellektual sport turlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasi ekanini ham yana bir bor isbotladi.
Endilikda “WISDOM SCHOOL” jamoasi joriy yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati final bosqichida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Osiyo sharafini himoya qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA