O‘zbekiston - majburiy mehnatdan xoli mamlakat
Mamlakatimizda majburiy mehnatga qarshi mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. O‘zbekiston majburiy mehnatga barham berishga qaratilgan xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgan.
So‘nggi yillarda bu borada Prezident va Hukumatimizning qator qarorlari qabul qilingan.
Qonun buzilishi holatlari, afsuski, uchramoqda. Odamlarni majburiy mehnatga jalb qilayotgan ayrim rahbarlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi lozim degan fikrga, albatta, qo‘shilamiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda Gurlan tumanida bir maktab direktori o‘quvchilar va o‘qituvchilarni g‘isht tashishga majbur qilganligi haqidagi videorolik va unga qisqa yozma sharh tarqalgan.
To‘g‘risi, bu 42 soniyalik videorolik va unga sharhdan aniq bir xulosa chiqarish qiyin. Videoda bolalar yonma-yon turib bir-birlariga g‘isht uzatishayotgani ko‘rsatilgan. Bunda kattalar ham ishtirok etmoqda. Lekin bolalar majburiy og‘ir ish qilishyapti deb bo‘lmaydi. Balki ular, shunchaki kattalarga o‘z xohishi bilan o‘yin aralash biroz yordam berishgandir... Buni ham aniq aytish qiyin. Maxsus tekshiruvchilar majburiy mehnatga jalb qilish yuz berganini tasdiqlamagan bo‘lsa, videorolik tarqatuvchining so‘zlariga ishonib, bir tomonlama xulosa chiqarish mantiqqa zid ko‘rinadi.
Umuman olganda, shuni qayd etish mumkinki, ming-minglab, millionlab odamlar – kattayu yosh, o‘quvchi-talabalar, ishchi-xizmatchilar paxta terimi, ko‘cha tozalash kabi ishlarga majburiy jalb qilinadigan vaqtlar o‘tmishda qolib ketdi. Ayrim mahalliy rahbarlar tomonidan qonunga xilof ravishda odamlarni ishga jalb qilinishi holatlariga asoslanib mamlakatimizda majburiy mehnat keng tarqalgan deb umumiy xulosa chiqarish mutlaqo noto‘g‘ri deb hisoblayman.
Ayni paytda yurtimizda majburiy mehnatni qonunlarimiz taqiqlaydi, jamoatchiligimiz qoralaydi, ommaviy axborot vositalari tanqid ostiga oladi. Shu bilan birga, aytish joizki, mutasaddilarimizning majburiy mehnatga qarshi harakatlari «sallani olaman deb...», «qosh qo‘yaman deb...» mazmundagi xalq maqollari ma’nosiga o‘xshab ketadi.
Zero, demokratiya borasida va mehnat qonunchiligida qanchalik ilgarilamaylik, jamoat ishlari, mavsumiy ishlar (paxta terimi va h. k.) degan narsalar hech qayerga ketgani yo‘q, favqulodda vaziyatda xalq bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi kerak bo‘lgan vaziyatlar har bir jamiyatda, u qanchalik ilg‘or, rivojlangan bo‘lmasin uchrab turadi. Darvoqe, hashar, ko‘mak degan ma’naviy qadriyat darajasidagi urflarimiz ham bor.
Yoshlarimizning ongini qo‘l telefoni, Internet, ijtimoiy tarmoqlarning bo‘lar-bo‘lmas axborotlari, bema’ni teleshou-dasturlar tobora ko‘proq egallab borayotgan ayni zamonda mehnat tarbiyasi o‘ta dolzarb masalaga aylandi.
Majburiy mehnat masalasi borasida mutaxassislar va mutasaddilar orasida, fikrimizcha, tushunmovchiliklar mavjud.
Mavzu yuzasidan bir yil oldin e’lon qilingan maqolamizda Mehnat vazirligi vakilining “...Bolalar maktabdan qaytganidan keyin ota-onasiga yordamga borishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ota-onalarga bolalarni dalalarga olib kelishni man qilyapmiz. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar paxta dalasiga kiritilmaydi» degan so‘zlariga qo‘shilmaymiz, deb yozgan edik. Fikrimizga asos sifatida yozilganni yana bir takrorlashni lozim topdik:
«Maktablarda o‘qish to‘xtamadiku, darsdan keyin yuqori sinf o‘quvchilarining zaruratga qarab oilaviy kelishib ota-onalariga yordam berishining nimasi yomon? ...Ota-onasi dalada paytida ular telefon o‘ynab, zararli narsalarni ko‘rib, yomon odatlarga berilib ketmasliklariga kim kafolat beradi? Ko‘r-ko‘rona taqiqlash o‘rniga Mehnat, Sog‘liqni saqlash, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari birgalikda yuqori sinf o‘quvchilari paxta terimida ixtiyoriy qatnashganda sog‘lig‘iga va jismoniy rivojiga zarar yetkazmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi yuzasidan tegishli yo‘riqnoma ishlab chiqsalar va tushuntirish ishlarini olib borsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi».
Xullas, qonunchiligimizga asoslanib majburiy mehnatni bartaraf etish bilan birga yoshlar tarbiyasi va ta’lim olishida «Mehnatning tagi rohat» degan xalq naqlini unutmaylik.
Farhod Qurbonboyev,
Iqtisod fanlari nomzodi