O‘zbekiston madaniy merosi - yangi Renessans poydevori
Samarqandda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining "O‘zbekiston madaniy merosi - yangi Renessans poydevori" VI Xalqaro kongressi boshlandi.
O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda o‘ndan ortiq xalqaro va beshta milliy tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan kongressning birinchi kuni "O‘zbekiston madaniy merosi zamonaviy ilm-fan diqqat markazida" mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
Unda 35 dan ortiq davlatdan kelgan sharqshunos olimlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyo xalqlari madaniy merosiga oid ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiyada “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi tahrir hay’ati raisi, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi a’zosi, Miho muzeyining maxsus xodimi (Yaponiya) Sergey Laptev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduhalimov, Turkiya Fanlar akademiyasi prezidenti Muzaffer Sheker, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov va boshqalar kongressning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi.
- O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirishga bag‘ishlangan loyiha mamlakatimiz madaniy merosini tadqiq etishda muhim ahamiyatga ega, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduhalimov. – Bir necha yil oldin boshlangan loyiha yurtimiz tarixiga qiziquvchi dunyodagi 500 nafardan ortiq sharqshunos olimlarni o‘zida birlashtirdi. Shu kungacha O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati kongressining beshtasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ularning asosiy qismi xorijiy davlatlarda tashkil qilingan bo‘lsa, oltinchi kongress ko‘rib guvohi bo‘layotganimizdek yurtimizda yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
[gallery-8007]
bugungi kungacha mamlakatimiz madaniy merosiga bog‘liq ellikta kitob-albom nashrdan chiqarilgan edi. Bulardan yurtimizdagi manbalardan tashqari dunyoning turli davlatlarida saqlanayotgan noyob manbalar kiritilgan. Oltinchi kongress doirasida yana o‘nta ana shunday kitob-albom taqdimoti o‘tkazildi. Umuman olganda, kongressni o‘tkazishdan maqsad yurtimiz madaniy merosini chuqur o‘rganish, undan foydalangan holda mamlakat tarixida boshlangan yangi davr ilm-fani, innovatsion rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat. Shu bois oltinchi kongress "O‘zbekiston madaniy merosi - yangi Renessans poydevori" deb nomlangan. O‘ylaymanki, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar Uchinchi renessans uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Kongress doirasida "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" (51-60 jild) turkumidagi 10 ta yangi kitob-albomning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 25 dan ortiq davlatdan 350 nafar olimlar tomonidan dunyoga mashhur 100 kutubxona va muzeylar kitob-albomlar asosida ishlangan to‘plam 60 jildga yetdi.
- Biz Rossiya kutubxonalarida O‘zbekiston kitob madaniyati yodgorliklariga oid fondlarimizni yuksak qadrlaymiz, - deydi Rossiya kutubxonalari assotsiatsiyasi prezidenti, Rossiya davlat ommaviy-tarixiy kutubxonasi direktori Mixail Afanasev. - Ularning rus madaniyatiga ta’sirini yaxshi bilamiz va shu sababli ushbu yodgorliklarni to‘plash va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilayapmiz. O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan loyihani yuksak baholaymiz. Loyiha doirasida ko‘plab ijobiy natijalarga erishilmoqda. Albatta, oltinchi kongressda taqdim etilayotgan so‘nggi o‘rganishlar natijalari O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kongressda dunyoga mashhur 250 dan ortiq sharqshunos olimlar, jumladan, 33 nafar mashhur xalqaro muzeylar direktorlari, 15 nafar milliy muzeylar direktorlari, 6 nafar xalqaro tashkilotlar vakillari, 15 nafardan ortiq akademiklar, 20 dan ortiq professorlar, 20 nafar fan doktori ishtirok etmoqda. Ular tomonidan ikki kun davomida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniy merosiga bag‘ishlangan 100 dan ortiq ma’ruzalar tinglanishi ko‘zda tutilgan.
- Kongerssga Istanbul kutubxonalarida Alisher Navoiyning noyob asarlari qo‘lyozmalari nusxalari saqlanmoqda, - Turkiya elchixonasi madaniyat va turizm maslahatchisi Alparslan Akinji. Ushbu qo‘lyozmalar O‘zbekiston madaniy merosini tatqiq etishda ham muhim ahamiyatga ega deb o‘ylaymiz. Shu bois bu asarlar loyihadan o‘rin olgan. Umuman olganda bizning tariximiz bir. Bizning so‘zimiz ham, turmush madaniyatimiz bir-biriga uzviy bog‘liq. Shunday ekan, ushbu loyihada munosib ishtirok etishimiz lozim, deb bilamiz.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining "O‘zbekiston madaniy merosi - yangi Renessans poydevori" VI Xalqaro kongressi davom etmoqda.
G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat), O‘zA