O‘zbekiston kubogi g‘oliblari aniqlandi
Urganch shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida ayollar hamda Yu-17 yosh toifasidagi o‘smir qizlar o‘rtasida boks bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.
Olti kun davom etgan bahslarda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan iqtidorli bokschilar g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Ayollar va o‘smir qizlar ishtirokidagi nufuzli respublika musobaqasida Parij olimpiadasi ishtirokchilari, jahon va Osiyo, respublika chempionati g‘olib va sovrindorlari ishtirok etgani ringdagi janglarning yanada qiziqarli va murosasiz o‘tishiga sabab bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda 10 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Musobaqa sarhisobiga ko‘ra, Farg‘ona viloyati bokschilari uchta vaznda oltin medallarga sazovor bo‘lishdi. Musobaqa mezboni xorazmliklar ikkita vazn toifasida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, Buxoro, Andijon, Namangan, Jizzax va Samarqand viloyati charm qo‘lqop ustalari bittadan oltin medallarni o‘z hisobiga yozib qo‘yishdi.
– Ikki karra jahon chempioni bo‘lganman, – deydi O‘zbekiston kubogi g‘olibasi Aziza Yoqubova. – Urganch shahridagi mazkur musobaqa juda yuqori saviyada tashkil etildi. Janglar odilona teng imkoniyatlar berilgan holda baholab borildi. Mazkur musobaqada kuchli raqiblarga duch keldim. Ayniqsa, final jangi men uchun og‘ir kechdi. Texnik usullardan samarali foydalanib yutdim. Musobaqa oralig‘ida Xiva shahriga bordik. “Qovun sayli” festivalida qatnashdik. Shu olti kun davomida nafaqat kurashdik, balki ma’nan ham dam oldik. Endilikda AQSHning Los – Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon olimpiadasiga tayyorgarlikni boshlayman.
Qizlar o‘rtasidagi final uchrashuvlarda Bahodir Jalolov boks maktabi vakillari uchta vazn toifasida birinchi o‘rin sohibasi bo‘ldi. Respublika va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari sportchilari ikkita vaznda hech kimga imkon berishmadi. Shuningdek, Xorazm, Andijon, Jizzax, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri bosqichlari musobaqa shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
[gallery-30850]
O‘zbekiston kubogi g‘olib va sovrindorlari respublika boks federatsiyasining medal va faxriy yoriqlari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari