“O‘zbekiston korporativ kibersport kubogi – 2026”
Jizzax shahridagi “Cyber Arena” majmuasida “O‘zbekiston korporativ kibersport kubogi – 2026” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning 16 ta yirik kompaniya va tashkilotlari jamoalari g‘oliblik uchun bahslashdi.
“O‘zbekiston korporativ kibersport kubogi – 2026”ning ilk bahslari 24-oktabr kuni boshlandi. Dastlabki o‘yinlar ishtirokchilarning jiddiy raqobatga tayyorligini ko‘rsatdi. “Counter-Strike 2” yo‘nalishidagi bellashuvlarda turli tarmoq vakillari qatnashdi. Ular orasida bank-moliya, axborot texnologiyalari, sanoat, telekommunikatsiya va transport sohalari bor. Jami 16 ta kompaniya hamda tashkilot jamoalari musobaqaga qo‘shildi.
Guruh bosqichidayoq jamoalarning kuchli va zaif jihatlari namoyon bo‘ldi. Keyingi bosqichga chiqish uchun har bir imkoniyatdan unumli foydalanish talab etildi. Buning uchun sheriklar bilan hamjihat harakat qilish zarur edi. Raqib taktikasini tez anglash ham muhim ahamiyat kasb etdi. Pley-offda raqobat yanada keskinlashdi. Bu bosqichda mahoratning o‘zi kifoya qilmasdi. Bosim ostida o‘zini yo‘qotmaslik va jamoaviy intizomni saqlash ham muhim edi.
Musobaqani O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi tashkil etdi. Musobaqa “Kapitalbank” ATBning to‘liq moliyaviy ko‘magida o‘tkazildi. Uning ahamiyati kuchli kibersport jamoasini aniqlash bilangina cheklanmaydi. Turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlar o‘z qobiliyatlarini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, musobaqa hamkasblik munosabatlarini yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qildi.
– O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi tashkil etilganidan buyon turli sport yo‘nalishlarida 30 dan ortiq turnir o‘tkazildi. Bugun korporativ kibersport ham ushbu tizimning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Bu galgi musobaqada 16 ta kompaniya va tijorat banki jamoalari qatnashyapti, – deydi assotsiatsiya ijrochi direktori Sherzod Sattorov.
Uning ta’kidlashicha, kibersport jahonda tobora ommalashib bormoqda. Bu sport turi xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda. Mazkur jarayon korporativ musobaqalar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Kibersportning Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgani ham buni tasdiqlaydi. Bu holat uning zamonaviy sport tizimidagi ahamiyatini ko‘rsatadi.
[gallery-32161]
– Xodimlarning qiziqishlarini hisobga olgan holda, ular uchun zamonaviy sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilganmiz. Jizzaxdagi maxsus kibersport arenasida musobaqa o‘tkazilayotgani ham muhim. Kompaniyalar va banklar rahbariyati o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlab, xodimlarining ishtirok etishi uchun sharoit yaratmoqda. Bu kabi musobaqalarni muntazam davom ettirish, ishtirokchilar doirasini kengaytirish niyatimiz bor, – deydi Sherzod Sattorov.
Musobaqa davomida Toshkent metropoliteni jamoasi a’zosi Bahrom Muhammadazizov bilan ham suhbatlashdik. Uning aytishicha, tashkilotda sportga qaratilayotgan e’tibor xodimlarning faolligini oshirmoqda. Bu qo‘llab-quvvatlash ularning turli bellashuvlarda qatnashishiga turtki bermoqda.
– Metropoliten jamoasi bilan bu kubokda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz. Rahbariyatimiz xodimlar uchun zarur sharoitlarni yaratib bergan. Kibersportga ham e’tibor kuchaygani bizga katta ruh bag‘ishlaydi. Jamoamiz olti kishidan iborat. Futbol, basketbol, voleybol kabi sport turlarida ham qatnashib kelamiz. Avvalgi korporativ musobaqada uchinchi o‘rinni olganmiz. Bu gal yanada yuqori natijaga erishish uchun harakat qilyapmiz, — deydi u.
“Pepsi” kompaniyasi vakili Timur Aliyev bilan suhbatda tayyorgarlik masalasiga ham to‘xtaldik. U jamoaviy hamjihatlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Kompaniya o‘yinchilar uchun kompyuter klubi tashkil etgan. Shuningdek, muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazishga sharoit yaratilgan. Bu imkoniyat jamoaning musobaqalarda izchil ishtirok etishiga yordam bermoqda.
25-oktabr kuni musobaqaning yakuniy natijalari e’lon qilindi. “Uzum Tech” jamoasi raqiblaridan ustun kelib, birinchi o‘rinni egalladi. “Kapitalbank” jamoasi ikkinchi o‘rindan joy oldi. “Uzinfocom” vakillari uchinchi bo‘ldi. Yarim finalgacha yetib borgan “Infinbank” jamoasi eng kuchli to‘rtlikka kirdi. G‘olib va sovrindorlarga kubok hamda pul mukofotlari topshirildi. Individual mahorati bilan ajralib turgan ishtirokchilar ham e’tirof etildi. Ular maxsus nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Shohsupaga ko‘tarilgan jamoalarning quvonchi musobaqaning esda qolarli lahzalaridan biri bo‘ldi. Hamkasblarning tabriklari va samimiy muloqotlar ikki kunlik bellashuvga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Biroq bunday tadbirlarning ahamiyati medallar va mukofotlar bilan o‘lchanmaydi. Ularda xodimlarning strategik fikrlashi uchun ham imkoniyat yaratiladi. Tezkor qaror qabul qilish va mas’uliyatni his etish ko‘nikmalari ham rivojlanadi. Eng muhimi, ishtirokchilar umumiy maqsad yo‘lida birlashish tajribasini orttiradi.
Jizzaxdagi musobaqani o‘tkazishda “Kapitalbank” ATB rahbariyatining moliyaviy ko‘magi muhim o‘rin tutdi. Ma’murlar va texnik mutaxassislar ham mas’uliyat bilan ishladi. Poytaxtdan tashqarida musobaqa o‘tkazish muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Shunga qaramay, bellashuvlar ikki kun davomida muvaffaqiyatli tashkil etildi. Musobaqani yuqori saviyada tashkil etishda mutaxassislarning xizmati alohida e’tirof etildi.
Abdujalol Qayumov, Jamshid Yorbekov(surat),
O‘zA muxbirlari