O‘zbekiston Islom taraqqiyoti bankining faol hamkori
Davlatimiz mustaqilligining 30 yillik ayyomi nishonlanayotgan damlarda Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46 yillik yig‘ilishi o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy va tarixiy ahamiyat kasb etdi. Mazkur forumda ITBga a’zo mamlakatlar hukumatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmon doiralar va nufuzli ekspertlar, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Yig‘ilishning onlayn va offlayn shaklidagi tadbirlarida 4,5 ming nafarga yaqin delegat qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi ITBning to‘laqonli a’zosi sifatida hamkorlikni amalga oshiradi. O‘zbekistonning ITB bilan hamkorligiga to‘xtalar ekanmiz, mazkur xalqaro tashkilotga O‘zbekiston Respublikasi 2003 yilda a’zo bo‘lgan. O‘zbekiston ITB a’zo bo‘lgan davrdan e’tiboran ITB bilan va uning doirasida faol hamkorlikni amalga oshirmoqda. Hamkorlik aloqalarining huquqiy asoslari ayniqsa 2016 yildan e’tiboran jadal rivojlanganini qayd etishimiz mumkin.
bugungi kunda amaliy hamkorlik portfeli transport, uy-joy kommunal infratuzilma, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, tadbirkorlik va boshqa ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan qiymati 2,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 ta loyihadan iborat ekanini ta’kidlab o‘tish joiz.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabr kuni Prezident Oliy Majlisga Murojaatnomasida “... mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati keldi. Bunga Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi”, deya ta’kidlagan so‘zlari bugungi kunda o‘z amaliy ijrosini topmoqda. Shu jumladan, Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonda Islom banki va moliya sohasining huquqiy asoslarini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash uchun 265 ming dollar miqdorida texnik yordam granti ajratishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Mazkur loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekistonga islomiy bank va moliya uchun qonuniy va texnik asoslar yaratish, shuningdek, aholining islom moliyasidan xabardorlik darajasini oshirishdan iborat.
Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan qator dolzarb va xalqaro ahamiyatga molik tashabbuslar delegatsiya a’zolari tomonidan yuksak baholandi. Shu jumladan «G‘arbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha yashil yo‘lak» nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi. Uning amalga oshirilishi o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalar kengayishga, mamlakatlarning iqtisodiy jihatdan birlashishi va barqaror o‘sishiga xizmat qiladi. Shuningdek Koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovatsion tus berish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar jamg‘armasi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, qishloq xo‘jaligiga ilg‘or ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarni keng qo‘llash ayniqsa dolzarbdir.
bugungi kunga qadar so‘nggi 5 yil ichida davlat rahbarining Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi tashabbuslari (2016 yil IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi, 2017 yil IHTining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitidagi nutqi) ham tashkilot a’zo davlatlari tomonidan yuqori e’tiroflarga sazovor bo‘lib, o‘zining ijobiy namunasini ko‘rsatib kelayotganini aytib o‘tish lozim.
Ta’kidlash joizki, Toshkent shahrida o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46 yillik yig‘ilishda qator muhim iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik shartnomalar imzolandi. Mazkur shartnomalarning amaliy ijrosi mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun xizmat qilishiga ishonamiz.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi ITBga integratsiyalashuvi uning xalqaro hamjamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston bilan ITB doirasida unga a’zo davlatlar o‘rtasida institutsional hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashuvi hamkorlik aloqalarining rivojlanishida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
M.Mirhamidova, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya
universiteti «YUNESKOning xalqaro huquq va
inson huquqlari» kafedasi katta
o‘qituvchisi