O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri (+video)
O‘zbekiston so‘nggi yillarda xalqaro anjumanlar, madaniy-ma’rifiy forumlar va nufuzli festivallarga mezbonlik qilib, turli mamlakatlardan kelayotgan mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirmoqda.
Mamlakatimizning boy tarixi, betakror madaniy merosi, buyuk allomalari, milliy san’ati va mehmondo‘st xalqi xorijlik ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
TURKSOY doirasida tashkil etilgan xalqaro tadbirlar hamda Andijonda o‘tkazilgan Turkiy xalqlar festivali ana shunday e’tiroflarning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Tadbirda ishtirok etgan marokashlik Shayx El Mami Ahmad Bazayd O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, yurtimizning islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rniga alohida to‘xtaldi.
— O‘zbekistonga ilk tashrifim. Bu muqaddas zaminga kelish men uchun katta sharaf. O‘zbekiston nafaqat turkiy dunyoning, balki butun islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri. Bu yerda Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarning boy ilmiy va ma’naviy merosi saqlanib qolgan. Bu meros butun islom olami uchun beqiyos ahamiyatga ega.
Tadbirda ishtirok etish men uchun katta baxt bo‘ldi. Tadbirni yuksak saviyada tashkil etgani, tarixiy va islomiy merosni asrash hamda uni dunyoga keng targ‘ib qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun O‘zbekiston Madaniyat vazirligiga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqiga ham alohida rahmat aytaman. Bundan bir necha asrlar muqaddam mashhur sayyoh Ibn Battuta Samarqand ahlining mehribonligi haqida yozgan edi. Bugun men bu so‘zlarning naqadar haqiqat ekanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Men bu yerda nafaqat go‘zal mamlakatni, balki bag‘rikeng va samimiy insonlarni ham kashf etdim.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/4UGJlEdklSA?si=wmIFY-Gn3uu42Ybu" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
Z.Umurzoqov (video), A.Ahmedov (montaj),
O‘zA