O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Interpol Bosh kotibi bilan uchrashdi
Bishkek shahrida o‘tkazilgan SHHTga a’zo davlatlar Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Toshpo‘latov Interpol Bosh kotibi janob Valdesi Urkiza bilan uchrashdi.
Konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida tomonlar huquqni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, tezkor axborot almashinuvini takomillashtirish hamda xalqaro qidiruv sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, zamonaviy tahdidlar va xavf-xatarlar global tus olayotgan bir sharoitda jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish, davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining yaqin hamkorligi va sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi uchun Interpol bilan hamkorlik xalqaro faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
O‘z navbatida, Valdesi Urkiza hozirgi kunda Interpol O‘zbekiston bilan o‘zaro sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirib, xalqaro hamkorlikning amaliy mexanizmlarini rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Interpolning Milliy markaziy byurolari turli mamlakatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash va xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi istiqbolli vazifalarni belgilab oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA