O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Belarusga tashrifiga doir
FOTOREPORTAJ
Joriy yil 20 iyun kuni Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenkoning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Minsk shahriga tashrif buyurdi.
Belarus O‘zbekistonning ishonchli savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib kelmoqda.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2018 yilda mamlakatimizga tashrifi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori darajaga olib chiqdi, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ochdi. Shu bilan birga Hukumatlar zimmasiga erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash hamda hamkorlikning ijobiy dinamikasini oshirish vazifasi qo‘yildi.
[gallery-7642]
So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb besh barobar o‘sdi. Bunda bir necha yil ichida qo‘shma korxonalar soni uch barobar ortgani muhim omil bo‘ldi.
Pandemiyaga qaramay, 2021 yil savdo hajmi 44 foiz ortdi, joriy yilning besh oyi yakuniga ko‘ra, o‘sish davom etib, 55 foizni tashkil etdi.
Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mutanosibligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari, transport, ta’lim, madaniy-gumanitar, turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Muzokara yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari tomonidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Belarus Respublikasiga tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari “Yuqori texnologiyalar parki ma’muriyati” davlat muassasasi, “AMKODOR” muhandislik kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
A’lo ABDULLAEV (surat), O‘zA