O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi BAAda
Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi “WAM” xabar berishicha, hukumatimiz delegatsiyasi BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi izchil hamkorlik samarasi o‘laroq amalga oshirilayotgan “Moliyaviy yetakchilik” dasturi doirasida moliya, bank va investitsiya sohalarida tajriba almashish maqsadida ushbu arab davlatida bo‘ldi.
BAA Moliya vazirligida o‘tgan uchrashuv chog‘ida vazir muovini Yunis Hoji Al-Huriy o‘zaro yaqin munosabatlar ahamiyatini ta’kidlab, bu galgi tashrif ham har ikki tomon manfaatiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi barqaror, istiqbolli moliyaviy siyosat orqali moliyaviy resurslarni boshqarish va rivojlantirish strategiyasi, umumiy byudjetni tayyorlash, yo‘naltirish va monitoring qilish tizimi bilan tanishdi. Daromadni taxmin qilish va umumlashtirish bilan bog‘liq zamonaviy uslublar ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, moliyaviy tartib-qoidani qo‘llab-quvvatlovchi, aniq ma’lumotlarni to‘plab, taqdim etuvchi, keng qamrovli statistika yurituvchi so‘nggi texnologik ishlanmalarga asoslangan raqamli tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA