O‘zbekiston hududi geologik jihatdan 40 foiz o‘rganilgan
Qaror va ijro
O‘zbekiston o‘zining tabiiy boyliklari bilan yetakchi davlatlar sirasiga kiradi. Birgina oltin va uran ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatimiz dunyoda oldingi o‘rinni egallaydi.
Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan geologiya sohasini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qator vazifalar belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta maqsadli qarori qabul qilinishi tizimni tubdan isloh qilish bilan bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 apreldagi “Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mazkur soha korxonalarini ilg‘or xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish orqali ularda samarali boshqaruv tizimini joriy etish vazifasi qo‘yilgan.
Shuningdek, unda foydali qazilmalarning yangi konlarini ochishga yo‘naltirilgan geologiya-qidiruv ishlari tannarxini pasaytirish va konlarni sanoatda o‘zlashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish ham muhim topshiriqlardan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A’zam QODIRXO‘JAEV sohani rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi va erishilgan natijalar bo‘yicha O‘zA muxbiriga maxsus intervyu berdi.
– Darhaqiqat, O‘zbekiston o‘ziga xos tabiati bilan birga, betakror foydali qazilmalariga boy bo‘lgan o‘lka hamdir, – dedi A.Qodirxo‘jayev. – Masalan, mamlakatimiz oltin, uran, mis, kaliy tuzlari, fosforit va kaolin kabi foydali qazilmalarning eng muhim turlari resurslari bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan hisoblanadi. bugungi kunda bu diyor oltin va uran ishlab chiqarish bo‘yicha old davlatlar qatorida turadi.
Eng muhim yangilikni aytadigan bo‘lsam, mamlakatimiz hududi faqat 40 foizigina batafsil o‘rganilgan. Shuning uchun yurtimiz juda katta, biroq hali kashf qilinmagan salohiyatga ega. 2017 yildan boshlab geologiya sohasini respublikaning bazaviy iqtisodiyot tarmoqlari bilan chambarchas bog‘lagan holda zamon talablariga muvofiq yangi bosqichga olib chiqish vazifalari belgilandi.
Soha faoliyati so‘nggi besh yil ichida bir necha bor ko‘rib chiqilib, ularning yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta maqsadli qarorlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi qayta tashkil qilindi va respublika mineral-xomashyo bazasini yanada rivojlantirishga doir muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunda geologiya sohasiga alohida e’tibor qaratilib, zamonaviy talablarda texnologik yangilash, ilm-fanni tiklash va kadrlarni tayyorlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib, yangi samarali ishlaydigan tizim yaratishga urg‘u berildi.
Avvallari ushbu soha 3 ta – oltin, uran va yer osti suvlarini qidirish bilan shug‘ullangan. bugungi kunda esa u 17 turdagi oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin, rux, volfram va boshqa qazilma konlarini qidirish faoliyatini amalga oshirmoqda. Xususan, 2021 yilda 1 219 ming pogon metr burg‘ilandi. 10,5 ming pogon metr yer osti va 386 ming metr kub yer usti tog‘-kon ishlari, aerogeofizika 2 290 kvadrat metr, 9,1 ming pogon kilometr 2D va 2 ming kvadrat metr 3D seysmorazvedka ishlari bajarildi.
Bu ishlar natijasida oltin – 120 tonna, kumush – 345 tonna, uran – 4,7 ming tonna, mis – 240 ming tonna, rux – 41 ming tonna, qo‘rg‘oshin – 42 ming tonna, volfram – 8 ming tonna, yer osti suvlari – 121 ming metr kub/sutka miqdorida zaxiralar va 55 million tonna uglevodorod shartli yoqilg‘isi ko‘paytirildi hamda 16 ta istiqbolli struktura aniqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 noyabrdagi 670-sonli qarori bilan geologiya sohasini rivojlantirish va geologiya-qidiruv ishlarni jadallashtirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan maxsus dastur tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2022-2026 yillarda mineral-xomashyo bazasini kengaytirish yuzasidan 189 ta geologik uchastkalarda 2026 yilga kelib 2 452 ming metr burg‘ilash, 12 ming metr yer osti va 590 ming metr kub yer usti tog‘-kon ishlari, 9,1 ming kilometr 2D va 2,3 ming kvadrat metr 3D seysmorazvedka bajarish ko‘zda tutilgan.
Bu ishlar samarasida esa 2022-2026 yillarda oltin – 731 tonna, kumush – 1 100 tonna, mis – 1 310 ming tonna, uran – 28 150 tonna, yer osti suvlari – 798 ming metr kub/sutka hamda 303 million tonna uglevodorod resursini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, investitsiya dasturi doirasida Orano (Fransiya), B2 Gold (Kanada), JOGMEC, Itochu (Yaponiya), MTA, Calik (Turkiya), UGMK, “Rosgeoperspektiva” (Rossiya) kompaniyalari bilan birgalikda, geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirish yuzasidan investitsiya loyihalari doirasida hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, ularning natijasida oltin – 100 tonna, mis – 500 ming tonna, uran – 20 ming tonna, volfram – 20 ming tonna zaxiralarini ko‘payishi kutilmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, geologiya sohasini rivojlantirish yo‘lidagi boshlangan ishlar mazkur tizimga zamonaviy va yuqori samarali uskunalarni, ilg‘or texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi. Zamonaviy raqamli texnologiyalarni qo‘llash hisobiga sohada bajariladigan ishlarning raqobatbardoshligini ta’minlash va geologiya-qidiruv ishlarini yanada yaxshilash hamda mineral-xomashyo bazasi ravnaqiga keng yo‘l ochib beradi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.