O‘zbekiston-Hindiston: tibbiyot sohasidagi hamkorlik
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida hindistonlik shifokorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Filial direktorining davolash ishlari bo‘yicha muovini F.Haydarov amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lami, davolash-diagnostik standartlar, mutaxassislar malakasini oshirish va ilmiy izlanishlarda erishilayotgan yutuqlar, belgilangan rejalar hamda olib borilayotgan ilmiy, amaliy-uslubiy ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.


O‘z navbatida xorijlik mehmonlar ham xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi borasidagi rejalari haqida aytib o‘tdi.
Filial bilan Hindistonning Mumbay shahrida joylashgan “NANAVATI MAX SUPER SPECIALITY HOSPITAL” klinikasi o‘rtasida memorandum imzolangan bo‘lib, memorandum asosida markazning yetakchi shifokorlari klinika faoliyati bilan tanishib, malaka oshirib qaytishiga imkoniyat yaratiladi.


– Memorandum kelishuvida ikki mamlakat tibbiyot sohasi yetakchilari ishtirokida tibbiy ko‘riklar va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish orqali mamlakatlar tibbiyotini yangi bosqichga ko‘tarish nazarda tutilgan, – deydi direktor muovini F.Haydarov. – Shuningdek, loyiha doirasida har ikkala tomonning imkoniyat va tajribalarini o‘rganish, murakkab yo‘nalishlardagi jarrohlik amaliyotlarini birgalikda bajarish, qolaversa, bizning mutaxassislar ham Hindistonga borib xorij tajribasini o‘zlashtirib kelishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri