O‘zbekiston Global AI Community xaritasiga qo‘shildi
Bugun dunyo tez sur’atlar bilan raqamlashayotgan bir paytda, sun’iy intellekt sohasidagi har bir qadam mamlakatning kelajakdagi o‘rnini belgilab beradi. Shu ma’noda, O‘zbekistonning global texnologik hamjamiyatlarga integratsiyasi nafaqat imkoniyat, balki zaruratga aylanmoqda.
Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi Global AI Community xalqaro tarmog‘i tarkibiga qo‘shildi. Shu bilan Global AI Tashkent Markaziy Osiyodagi birinchi rasmiy bo‘lim sifatida o‘z faoliyatini boshladi.
Global AI Community dunyoning 100 dan ortiq shaharlarida faoliyat yurituvchi sun’iy intellekt mutaxassislari, tadqiqotchilar va texnologiya ishqibozlarini birlashtirgan yirik xalqaro hamjamiyat hisoblanadi.

Ushbu platforma doirasida bepul uchrashuvlar, seminarlar, xakatonlar va amaliy treninglar tashkil etilib, sun’iy intellekt yo‘nalishida bilim va tajriba almashish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy bo‘limning ochilishi aholining sun’iy intellekt sohasidagi savodxonligini oshirish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishidagi muhim qadam bo‘ldi.
Endilikda O‘zbekistondagi tadqiqotchilar, muhandislar, talabalar va texnologiya ishqibozlari global AI hamjamiyatiga bevosita qo‘shilib, Toshkentda o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA