O‘zbekiston – Germaniya hamkorligi yanada kengaymoqda
Berlin shahrida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida za’faron dorivor o‘simligini yetishtiruvchi “BMB Trade Group” kompaniyasi vakillari hamda germaniyalik ishbilarmonlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik masalalarida do‘stona uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan mahalliy biznes va Yevropa ishbilarmon doiralari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yanada rivojlantirish masalasiga keyingi yillarda katta e’tibor qaratilmoqda.
“BMB Trade Group” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov hamda Germaniya kichik va o‘rta biznes uyushmasi boshqaruvchi biznes menejeri janob Reynxold Ungern-Sternberg bilan O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazilgan muzokaralar doirasida ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha strategik sheriklik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar davomida yaqin kelajakda mazkur hamkorlik doirasida rejalashtirilgan amaliy tadbirlarni tashkil qilish va amalga oshirish maqsadida Germaniya kichik va o‘rta biznes uyushmasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi xususida ham kelishib olindi.
Germaniyaning “Blumental Bayern GmbH” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha AQSH va Yevropa mamlakatlari bozorlariga dorivor o‘simliklar, jumladan, za’faron hamda quritilgan meva mahsultlarini yirik hajmda yetkazib berish borasida o‘zaro kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tarkibiga “BMB Za’faron” brendi ostida yetishtirilayotgan za’faron mahsuloti qo‘shilgan dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilganini ham alohida ta’kidlash joiz.

Bundan tashqari, Germaniyaning mashhur “VAMED AG” kompaniyasi boshqaruvi raisi, janob Ernst Vastler bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida tibbiyot sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistonda tibbiy klinikalar tarmog‘ini yaratish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilning dekabr oyida germaniyalik kompaniya delegatsiyasi qo‘shma loyihani batafsil o‘rganish maqsadida mamlakatimizga kelishi kutilayotgani tahsinga loyiq.

Shu o‘rinda, “BMB Trade Group” delegatsiyasi Germaniya agrobiznes alyansi direktori janob Per Brodersen bilan birgalikda Germaniyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining innovatsion texnologiyalarini O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi loyihalariga jalb etish, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, kabi keng ko‘lamli strategik hamkorlik masalalari ham ishlab chiqilganini alohida qayd etish lozim.
Yevropaning eng rivojlangan davlatlaridan biri Germaniyada bo‘lib o‘tgan ushbu muzokaralar agrobiznes sohasida O‘zbekiston – Germaniya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.
A.QAYUMOV, O‘zA