«O‘zbekiston florasi» to‘plamining yangi nashrlari chop etildi
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Mohira Jumanova ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.
Mamlakatimizda tabiat muhofazasi, ekologik barqarorlik va bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklashga katta e’tibor qaratilmoqda. Brifing Fanlar akademiyasi tomonidan respublikamiz flora va faunasi xilma-xilligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlariga bag‘ishlandi.
Qayd etilishicha, Fanlar akademiyasi Botanika institutidagi O‘zbekiston Milliy gerbariysi Markaziy Osiyodagi eng yirik botanik kolleksiya. Dunyoning 4 mingga yaqin gerbariylari orasida 30 talik tarkibiga kiruvchi noyob ilmiy ob’ekt sanaladi. 1830-1835 yillardan boshlab to‘plangan bu Gerbariy hozirgi kunga kelib 1,5 milliondan ortiq namunalarni o‘z ichiga olgan va Osiyo mintaqasidagi yirik 4 ta gerbariy qatoriga kiradi.
O‘zbekiston hududidan terilgan dastlabki namunalar 1900-1905 yillarga to‘g‘ri keladi. bugungi kunda esa Milliy gerbariyning asosiy qismini mamlakatimiz hududidan to‘plangan gerbariy namunalari tashkil etadi.
Gerbariyning tiplar kolleksiyasi 3000 dan ortiq namunalarni o‘z ichiga oladi va ular fan uchun yangi, deb topilgan o‘simlik turlarining ilk namunalari, ya’ni, shu o‘simlik turining “pasporti” hisoblanadi. Hozirda tip namunalari kolleksiyasi to‘liq raqamli formatga o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Milliy gerbariysi mamlakatimizdagi botanik tadqiqotlarning asosi bo‘lib, o‘simliklar sistematikasi va geografiyasi, qoplami, resursshunoslik borasida olib boriladigan barcha tadqiqotlar aynan gerbariy fondiga tayanadi. Bundan tashqari, botanika faniga yondosh bo‘lgan bir qator fan yo‘nalishlari, jumladan, biokimyo, farmatsevtika, genetika borasidagi tadqiqotlarda ham gerbariy kolleksiyasining o‘rni ortib bormoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston milliy gerbariysidan keng foydalangan holda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston florasi” to‘plamining yangi nashrlari tayyorlanib, chop etildi. “O‘zbekiston florasi” to‘plamining ilk nashrlari 1941-1963 yillarda chop etilgan va o‘z ichiga 3 ming 663 turni qamrab olgan. Hozirgi paytda floramiz tarkibidagi turlar xilma-xilligi 4 yarim mingga yaqin ekanligi yangi “O‘zbekiston florasi” to‘plami ishlab chiqilishiga turtki bo‘ldi.
O‘zbekiston Milliy gerbariysi asosida bajarilayotgan navbatdagi loyiha mamlakat milliy florasi turlarini to‘r tizimli xaritalashga bag‘ishlangan. G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida keng qo‘llaniladigan bu tadqiqot yo‘nalishi Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Fanlar akademiyasi Botanika institutida amalga oshirilmoqda.
2021 yildan boshlab Surxondaryo viloyati hududi florasini to‘r tizimli xaritalash ustida ilmiy ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, ayni kunlarda ayrim o‘simlik turkumlarining kamyob va yo‘qolib borayotgan turlari, dorivor o‘simliklar, tabiiy ekosistemalarning indikator turlari kabilar bo‘yicha global iqlim o‘zgarishining mavjud ssenariylari asosida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni bashorat qilish borasida ham zamonaviy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Shuningdek, hozirda O‘zbekiston Milliy gerbariy kolleksiyasining 25 foiz qismi raqamli formatga o‘tkazilib, yorliqlarni ma’lumotlar bazasiga kiritish ustida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, gerbariy kolleksiyasi yiliga 7000-8000 atrofidagi yangi namunalar bilan boyitilmoqda.
Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining «Zoologiya kolleksiya» noyob ilmiy ob’ekti bo‘lib, u 6 ta noyob ilmiy kolleksiya fondidan iborat. Ular quruq, ho‘l preparatlar, terilar, bosh suyaklari, hayvonlarning hosilalari tarzida ifodalangan.
Respublika faunasining ma’lumotlar bazasini bosqichma-bosqich yaratish borasida hasharotlarni identifikatsiyalash tizimi bo‘yicha ma’lumotlar bazasi ishlab chiqildi. Dastlabki bosqichda to‘g‘riqanotsimonlar faunasi, ekologiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlash va ulardan zamonaviy usullar asosida foydalanish uchun “OrthopteraInfo” ma’lumotlar bazasining nazariy modeli, konstruktiv sxemasi ishlab chiqildi va ushbu ma’lumotlar bazasiga bioob’ekt haqidagi ma’lumotlar, jumladan, to‘g‘riqanotlilarning 120 ta, bahorikorlarning 48 ta va boshqa turkumga mansub 35 tur to‘g‘risidagi faunistik, taksonomik va ekologik manbalar kiritildi.
Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda Qizil kitobni yuritish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, yangi tahrirdagi hayvonot olami bo‘yicha Qizil kitobning noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlari ro‘yxatiga 209 ta tur, shundan 21 ta tur qo‘shimcha ravishda kiritildi va 12 ta turning maqomi o‘zgartirildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA