O‘zbekiston – Eron hamkorligi jadal rivojlanmoqda
O‘zbekiston va Eron diplomatik aloqalarining 30 yilligi
O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi tarixiy va madaniy mushtaraklik bisyor. Mamlakatlarimiz o‘rtasida, xususan, iqtisodiy aloqani chuqurlashtirish uchun keng imkoniyat mavjud.
Eron O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 25 dekabrda e’tirof etgan. Keyingi yil 10 may kuni ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatildi. Ushbu tarixiy voqeaning 30 yilligi munosabati bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, mamlakatimizning Erondagi Favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlagan Abdusamat Haydarovning fikrlarini yozib oldik.
- O‘zbekiston va Eron xalqlarini ko‘p asrlik boy tarixiy munosabat, hamkorlik bog‘lab turadi. Ikki xalq ichidan ham yuzlab ma’rifatparvarlar, shoirlar, buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ular dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shib, xalqlarimiz faxriga aylangan.
Davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgandan keyin, 1992 yil Toshkentda Eron elchixonasi ochildi. Oradan uch yil o‘tib Tehronda bizning vakolatxonamiz faoliyat ko‘rsata boshladi. Hamkorligimizning ilk bosqichida asosiy e’tibor ikki tomon uchun manfaatli masalalarni hal etishga qaratildi. Xususan, o‘zaro aloqa taraqqiyotini ta’minlaydigan, savdo, iqtisodiyot, havo transporti, telekommunikatsiya, aloqa, madaniyat va turizmga oid qator hujjatlar imzolandi.
1993 yil savdo-iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy sohalar faoliyatini samarali yuritish uchun qo‘shma komissiya tashkil etildi. Bu tuzilma yig‘ilishlari hozirgacha poytaxtlarda muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Tez orada Toshkent va Tehron o‘rtasida aviaqatnov qayta ochilishi kutilyapti.
O‘zbekiston va Eronning muhim qo‘shma loyihalari haqida gapiradigan bo‘lsak, avvalo, Tejen – Seraxs – Mashhad temir yo‘lini aytish mumkin. 1996 yil mayda foydalanishga topshirilgan bu yo‘l Bandar-Abbos portidan Fors ko‘rfaziga chiqish yo‘lagi bo‘lib, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa xorij mamlakatlari uchun janubiy yo‘nalishda Hind okeani dengiz kommunikatsiyasiga bevosita ulanadigan ilk transport tarmog‘i, “Sharq-G‘arb” xalqaro transport tizimining asosiy elementi hisoblanadi. Endilikda “Shimol-Janub” transport yo‘lagining muhim tarkibiy qismi ham bo‘lib qolgan ayni tarmoq uzun bo‘lishiga qaramay, hanuz Markaziy Osiyodan Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoga yuk yetkazishda foydalanilmoqda.
Afg‘oniston 40 yildan ziyod davr mobaynida mintaqamiz diqqatini o‘ziga jalb qilib keladi. Bu mavzuda mamlakatlarimiz, ma’lum ma’noda, hamjihatlikka erishdi, deya olamiz. Eron 1999 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha “6+2” xalqaro konferensiya ishida faol qatnashdi.
Ma’lumki, Eron narkobiznes bilan kurash bo‘yicha ilg‘or davlatlar qatoriga kiradi. Shu ma’noda amaliy jihatdan davlatoarimiz o‘rtasida narokotik moddalar aylanishiga qarshi kurash masalasida sheriklik yo‘lga qo‘yilganini alohida e’tirof etish zarur. Ya’ni, giyohvand vositalar iste’molini kamaytirish, narkotik va psixotrop modda ishlab chiqarilishini nazorat qilish borasida hukumatlararo tegishli hujjatlar qabul qilingan.
Rasmiy Toshkent va Tehronning terrorizmga qarshi kurash masalasida qarashlari yaqin. Ikki mamlakat terrorizmning har qanday ko‘rinishi kelib chiqishini qoralaydi, jahon hamjamiyatini mazkur jinoyatchilik turi bilan birgalashib kurashishga chaqiradi.
Davlatlarimiz terrorizm, transmilliy jinoyatchilik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasida hamjihatlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga ega.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO) doirasida izchil munosabat davom etayotganini ham ta’kidlash lozim.
2017 yil sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyeyov Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha Astana shahrida o‘tkazilgan sammiti doirasida Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama masalalar muhokama qilinib, hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishilgan edi.
2021 yil sentyabrda Dushanbe shahrida o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida davlatimiz rahbari Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi. Suhbat davomida savdo-iqtisodiy o‘sish hajmini qo‘llab-quvvatlash, hamkorliknning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida qo‘shma hukumatlararo komissiya faoliyatini faollashtirishga kelishildi.
Shuni eslatish o‘rinli bo‘lardiki, O‘zbekiston Eronning SHHTga doimiy a’zo sifatida kirishini qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘z navbatida Eron ham 2018 yil martda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini ma’qullagan.
2018 yil iyun oyida O‘zbekiston va Eron hamkorlikda sarmoyaviy muhitni rivojlantirishga kelishib olgan. Moliyaviy shartnoma va sarmoyalar doirasida qo‘shma ishchi guruhlar ish olib bormoqda.
Bugun Eron O‘zbekistonning o‘n asosiy hamkori ro‘yxatidan o‘rin olgan. Ikki tomonlama savdo hajmini bir milliard dollarga yetkazish asosiy vazifa qilib belgilangan.
Shu maqsadda tomonlar hamjihatlikni mustahkamlash chorasini ko‘rmoqda. bugungi kungacha iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Eron hukumatlararo komissiyasi 14 marta yig‘ildi.
Joriy yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvda hukumatlararo komissiya huzurida O‘zbekiston, Eron va mintaqa mamlakatlari bilan transport aloqasini mustahkamlash istiqboli, ikki davlat transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida yangi savdo yo‘nalishlari yaratishni qamrab olgan transport va logistika bo‘yicha qo‘shma qo‘mita tashkil etildi.
Maxsus iqtisodiy zonalar, xususan, «Chobahor», «Aras» hamda «Navoiy» va «Angren» savdo iqtisodiy zonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikka alohida e’tibor qaratilyapti. Joriy yil ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston - Eron kunlarini o‘tkazish istiqboli ko‘rib chiqildi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, transport loyihalari umumiy savdo-iqtisodiy hamkorlikning bosh bo‘g‘ini bo‘lib turibdi. Masalan, joriy yil 24 yanvarda O‘zbekiston va Eronning tegishli idoralari o‘rtasida temir yo‘lda tashish va xalqaro transport-tranzit yo‘laklaridan foydalanish masalasi yuzasidan muzokara o‘tkazildi. Muloqot yakunida O‘zbekiston va Eron temir yo‘llari bosh idoralari hamkorligi bo‘yicha Protokol imzolandi.
To‘qimachilik, agrar va neft sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qora metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat va tibbiyot hamkorlikning muhim, istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi.
Xulosa shuki, O‘zbekiston - Eron munosabati ikki tomon manfaatiga javob beradi. Davlatlarimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sishida, hamkorlik taraqqiy etayotganida mintaqamiz hududi va atrofida tinchlik, barqarorlik yo‘lida qulay sharoit yaratishga umumiy intilishimiz namoyon bo‘lmoqda.
Xalqaro sharhlovchi
Abror G‘ulomov tayyorladi.
O‘zA