O‘zbekiston Ekologik partiyasi 5 yoshda!
Bugun butun dunyoda ro‘y berayotgan ekologik hodisalar, turli ko‘rinishdagi ekologik muammolar insoniyatni tabiat bilan hisoblashishga, unga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga undamoqda.
Ekologiyaga oid global muammolardan O‘zbekiston ham chetda emas. Afsuski, mamlakatimizda ham o‘ta dolzarb ekologik masalalar – iqlim o‘zgarishi, atmosferaning ifloslanishi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi pasayishi, cho‘llanish, chang bo‘ronlari kabi inson hayoti va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar bilan ro‘baro‘ kelmoqdamiz. Bu esa har birimizdan tabiatni muhofaza qilish, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish, aholining ekologik madaniyatini oshirishni talab etadi.

Ekologik muammolar kundan-kunga jiddiy tus olayotgani ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va yanada jadallashtirishni taqozo etadi. Ayni shu maqsadda bundan 5 yil muqaddam O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkil etildi. Mamlakatimiz siyosiy maydonida yangi siyosiy kuch sifatida paydo bo‘lgan mazkur partiya ona tabiatni muhofaza qilish, aholining ekologik madaniyatini oshirish, kelajak avlodga yaxshi tabiiy sharoit qoldirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
O‘tgan qisqa davrda partiya mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, muhim siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etdi. Yurtimizdagi ekologik holatni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish, yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali kelajak avlodga yaxshi tabiiy muhit qoldirish maqsadida o‘z g‘oya va tashabbuslarini ilgari surmoqda, qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish hamda yangi qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirishda faollik ko‘rsatib kelmoqda. Hududlardagi partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlari esa joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda, aholining tabiatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va ekologik madaniyatini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda.
620 mingdan ortiq partiya a’zolari mamlakatimizdagi ekologik holatni to‘g‘ri anglagan holda O‘zbekiston Ekologik partiyasining g‘oya va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlayotgani e’tiborga molik.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi kelgusi faoliyati davomida ham o‘z safini kengaytirgan holda ekologik barqarorlikka erishish borasidagi sa’y-harakatlarini, hayotiy loyihalarini izchillik bilan amalga oshirishidan, yurtdoshlarimizning ekomadaniyatini yuksaltirishidan umidvormiz.
Muhtarama Komilova, O‘zA