O‘zbekiston – demokratik dunyoviy davlat (+video)
“Dunyoga nazar” tahliliy dasturi
Vatanimiz azal-azaldan turli millat va elat, konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘ri keng diyor sifatida tan olinadi. Oxirgi yillarda mamlakatimiz ushbu yo‘nalishda olib borayotgan izchil siyosat xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda.
Darhaqiqat, diyorimizda vijdon erkinligini ta’minlash har doim ustuvor vazifa hisoblangan. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 25 fevral sanasida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Mazkur hujjatning birinchi bobida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi vijdon erkinligiga nisbatan huquqni va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifasi, tamoyili va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.
Shuningdek, konsepsiyada “dunyoviy davlat” tushunchasiga ham alohida ta’rif berilgan.
Dunyoviy davlat – har kim uchun vijdon erkinligi, mafkura va fikr xilma-xilligi kafolatlangan, davlat hokimiyati diniy-konfessiyaviy qarashlar va institutlardan ajratilgan hamda ijtimoiy munosabatni tartibga solish, qarorni qabul qilish va ijro etishda Konstitutsiya va qonunga, umumjamiyat manfaatiga asoslangan tarzda boshqariladigan davlat.
Ayni mavzuda, xususan Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, diniy vaziyat barqarorligini ta’minlash borasida erishilayotgan muvaffaqiyatning asosiy omillari yuzasidan munozara yuritish uchun O‘zA ekspertlarga murojaat qildi.
Abdishukurjon Muratov, Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi:

– Ko‘p millatli respublikamizda turli din vakillari istiqomat qiladi. Davlatimiz har xil dinga e’tiqod qiladigan fuqarolar haq-huquqini to‘liq ta’minlash, ularning bir-biri bilan raqobatlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun javobgar. Masalan, yurtimizda islom yoki boshqa dinga mansub shaxslar o‘zaro nizo keltirib chiqarishga urinmaydi, bir-birini kamsitadigan harakat qilmaydi.
Dunyoviy davlat sifatida e’tirof etilgan mamlakatlar konstitutsiyasida shu jihatlarga alohida urg‘u beriladi. Ya’ni, davlat turli din vakillarining haq-huquqi, bir-biriga nisbatan hurmati, do‘stona munosabatini tartibga soladi.
Dunyoviy davlatlar rivojlanishi jarayonii tarixiy nuqtai nazardan tahlil qilinsa, taraqqiy etgan davlatlar muayyan mamlakatlardan andoza olgani ko‘rinadi. Masalan, Yevropaning ayrim shaharlari Ummaviylar davrida ilm-fan yuqori darajada rivojlangan joy sifatida tan olingan. O‘sha zamonlarda ko‘hna qit’aning boshqa bir hududlarida ilmiy ixtirolar qilgan shaxslarga nisbatan “sehr-jodu manbasi” qabilida tamg‘a qo‘yilib, ularga qarshi ayovsiz kurash olib borilgan.
Ma’lumki, Amir Temur davridan oldin ham bizning zaminimizda ilm rivojlangan. Masalan, Birinchi yoki Ikkinchi Renessans davrida to‘la-to‘kis ijodiy, ilmiy erkinlik hukm surgani uchun juda ko‘p kishilar ziyo istab Movaraunnahrga kelgan. Imom Mustag‘firiy “Tarixi Nasaf va Kesh” asarida hadis ilmini o‘rganish uchun o‘lkamizga juda ko‘p odam kelganini yozgan. Eng muhimi, ular bu zaminga kelgach, diniy ilm bilan birga boshqa fanlarni, xususan astronomiya, matematika, tibbiyotga oid dunyoviy bilimlarni ham o‘rganib, keyin yurtiga qaytgan.
Nuriddin Qalqonov, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori:

– O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida qabul qilingan qonunlar zamiriga dunyoviy davlatchilik qoidalari singdirilib, din davlatdan, davlat dindan ajralgan holda faoliyat yuritardi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, xususan “Harakatlar strategiyasi”, “Taraqqiyot strategiyasi”, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida qonunlarimizga tizimli ravishda o‘zgarish, yangilanish, rivojlanish, modernizatsiya tushunchalari kirib keldi. Konstitutsiyamiz yangilangan tartibda qabul qilindi. Asosiysi, qomusimizning birinchi moddasiga “dunyoviy davlat” tushunchasi kiritildi.
Dunyoviy davlat tamoyili zamirida davlat bilan din o‘rtasidagi nisbat yoki munosabat yotadi. Ya’ni, davlatning dinga munosabati, diniy ishlarga aralashmasligi yoki davlatdan ajralgani namoyon bo‘ladi. Bu nima degani? Davlat diniy tashkilotlar, birlashmalar ishiga aralashmaydi, boshqaruvni diniy qoidalar emas, balki konstitutsiya va qonunga binoan amalga oshiradi, shu asosda jamiyatni tartibga solib turadi.
Dunyoviy davlatda vijdon va e’tiqod erkinligi qonun yordamida ta’minlanadi. Ya’ni, hech bir dinga urg‘u berilmasdan, fuqarolarga e’tiqod erkinligini amalga oshirish uchun to‘liq qonuniy asos yaratilgan bo‘ladi. Bunday jarayon ko‘pgina rivojlangan davlatlar qonunchiligida bor. AQSH, Fransiya yoki aholisining ko‘pchilik qismi musulmonlardan iborat Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi davlatlarning dunyoviy davlat prinsipi o‘z konstitutsiyasiga kiritilgan.
Shoislom Akmalov, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi dotsenti:

– Aslida, o‘z hududida istiqomat qiluvchi turli xil ijtimoiy qatlam, millat va elatlarga jinsi, irqi, diniy e’tiqodi, kelib chiqishidan qat’i nazar bir xil sharoit yaratib, kerakli kapital bilan ta’minlab, rivojlanish uchun sharoit yaratib bergan jamiyatda demokratik dunyoviylik nuqtai nazari ustuvor hisoblanadi.
E’tirof etish joiz, diyorimizda “Inson qadri uchun” hayotiy tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar ko‘p millatli xalqimiz tomonidan faol qo‘llanmoqda. Bunday oqilona yechimning ijobiy samarasini, ayniqsa, diniy sohada yaqqol ko‘rish, his qilish mumkin. Zero, fuqarolarimiz vijdon erkinligini ta’minlash, emin-erkin ibodat qilish uchun yaratilgan sharoitlardan rozi ekanligini har qadamda sezamiz.
Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan vijdon erkinligi har bir fuqaro uchun biror dinga e’tiqod qilish yoki dinga e’tiqod qilmaslik huquqini kafolatlaydi. Afsuski, dunyoning ayrim o‘lkalarida ijtimoiy, xususan diniy sohaga oid no‘noq siyosat oqibatida xalq bilan hukumat o‘rtasida kelishmovchilik chiqishi, etnokonfessional ziddiyat kuchayishi uchrab turadi. Bu esa butun dunyodagi barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradigan omil bo‘lib, barchamizdan ogohlik va hushyorlikni oshirish, voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarib ish ko‘rishni talab qiladi.
Tabiiyki, ayni holat yoshlarni “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yurtimizga kirib kelayotgan turli g‘ayri axloqiy, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrashni har qachongidan ko‘ra dolzarb vazifa qilib oldimizga qo‘ymoqda.
Islom Umrzoqov, Yoshlar ishlari agentligi Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi rahbari:

– Ma’lumki, yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, hayotiy islohotlarga befarq bo‘lmagan, maqsadga intiluvchan, vatanparvar, komil shaxs sifatida tarbiyalash davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Bu jarayonda tizimli sa’y-harakatlar olib borilyapti.
Xususan, Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvarda “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 92-sonli qarori qabul qilinib, mazkur hujjat asosida respublikamizning barcha mahallalarida Yoshlar yetakchilari lavozimi joriy etildi.
Darhaqiqat, har bir davlatning kelajagi bilimli, salohiyatli yoshlarning iqtidorini rivojlantirish va yuzaga chiqarish bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, hukumatimiz tomonidan ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, maktab ta’limi rivojlantirilib, IELTSdan yuqori baho olganlarga kompensatsiya to‘lanayotgani, ular xorijiy tillarga o‘qitilib, turli tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotgani, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani quvonarli. Zero, uzoqni ko‘zlagan islohotlarimiz bizni strategik ahamiyatga ega buyuk maqsadlar sari yetaklaydi.
Dunyoning nufuzli universitetlarida 1 500 dan ziyod vatandoshimiz tahsil olmoqda. Bu kelajagimiz uchun beqiyos resursdir. Asosiysi, yurtimizdagi yoshlar siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Binobarin, yaqinda BMT “Yoshlar-2030” strategiyasi bo‘yicha e’lon qilgan bayonotda O‘zbekiston yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirayotgan davlatlar kuchli o‘nligiga kirtilgan.
Ushbu davra suhbatini O‘zA “You Tube” sahifasida ham tomosha qilishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zeKKvJcW5W0" title="O‘zbekiston – demokratik dunyoviy davlat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘tkir ALIMOV, Ulug‘bek TO‘XTAEV (surat, video), O‘zA