O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya atom sanoatining ilg‘or amaliyoti bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Delegatsiya Voronejda bo‘lib, viloyat gubernatori Aleksandr Gusev, mahalliy hokimiyat organlari va Rossiya atom sanoati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Suhbatlar chog‘ida davlat idoralari va atom sohasi korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish, sohani kompleks rivojlantirish hamda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalari muhokama qilindi.

Tashrif dasturidan Novovoronej atom elektr stansiyasiga safar ham o‘rin oldi. U yerda delegatsiya a’zolari “Rosenergoatom” konserni rahbariyati hamda stansiya mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, ular zamonaviy “3+” avlod energobloklarining ekspluatatsiyasi, xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan ilg‘or yechimlar va asosiy ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya Novovoronej shahri rivojlanishining o‘ziga xos jihatlarini ham o‘rgandi. Atom elektr stansiyasi faoliyati bilan uzviy bog‘liq holda shakllangan mazkur shaharda aholi uchun zarur ijtimoiy infratuzilma yaratilgan. Zamonaviy ta’lim muassasalari, madaniyat va sport ob’ektlari, jamoat hududlari hamda boshqa xizmat ko‘rsatish tizimlari atom sohasi xodimlari va ularning oilalari uchun munosib turmush sharoitlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Safar yakunida Moskva shahrida “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, “Atomstroyeksport” AJ prezidenti Andrey Petrov bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi loyihasining bugungi holati va istiqboldagi vazifalari muhokama qilindi. Tomonlar qurilish ishlarini muvofiqlashtirish hamda loyihani belgilangan reja asosida amalga oshirish maqsadida tezkor shtab yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borishga kelishib oldi.
“O‘zatom” agentligi axborot xizmatiga ko‘ra, bunday tashriflar atom energetikasi sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni milliy loyihalarda samarali qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA