O‘zbekiston delegatsiyasi Butunjahon ayol parlament a’zolari forumida ishtirok etdi
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida o‘tkazilgan Butunjahon ayol parlament a’zolari forumida ishtirok etdi.
Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari qator xalqaro muloqot maydonlarida xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish, ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash hamda ushbu jarayonda fuqarolik jamiyati va xususiy sektorning o‘rni kabi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova forumning parallel panel sessiyalarida ma’ruza bilan qatnashdi.

Delegatsiya a’zolari Mo‘g‘uliston Buyuk davlat Xurali deputati, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi raisining o‘rinbosari S.Monxbat bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda parlamentlararo guruhlar faoliyatini jonlantirish, sohaviy qo‘mitalar o‘rtasida muntazam muloqot va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova,
O‘zA