O‘zbekiston BMT bilan “soatlarni to‘g‘rilab” ish ko‘rmoqda
Bugun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash tobora jiddiy tus olmoqda. Bu jarayonda transmilliy tahdidlar kun sayin kuchayib, ommaviy migratsiya oqimlari ko‘paymoqda, an’anaviy qadriyatlar zavol topmoqda, iqlim jadal o‘zgarmoqda,
Bunday murakkab sharoitda dunyo xalqlari yakdillik, o‘zaro hamjihatlik va ishonchli kengashuvlar asosidagina to‘g‘ri yo‘l topa olishi oydinlashmoqda. Shu ma’noda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining dunyo miqyosidagi ahamiyati va o‘rni tobora ortib borayotir.
Joriy yil 21 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida ham ayni jihatlar ko‘p bor e’tirof etildi.
Gap shu sessiya haqida ketar ekan, avvalo, ta’kidlash joizki, keyingi yillarda BMTning yuksak minbari O‘zbekistonning muhim xalqaro tashabbuslarini e’lon qilish uchun muhim maydonga aylandi.
Bu gal ham O‘zbekiston tomoni dunyo jamoatchiligining diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan qator muhim umumbashariy tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchidan, global ofatga aylangan COVID-19 pandemiyasi va uning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-siyosiy oqibatlariga birgalikda, hammaslak bo‘lib kurashish.
Bunda asosiy urg‘u vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olishga qaratildi. Bu davlatlarga, dunyo xalqlariga nima beradi?
Avvalo, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Sababi, vaksinatsiya natijalari xalqaro miqyosda tan olinishi natijasida, o‘zaro bordi-keldiga yo‘l ochiladi. Ya’ni, dunyo bo‘ylab sayyohlar oqimi ko‘payadi, investorlarning xizmat mashrutlari tiklanadi. Demak, o‘z-o‘zidan ma’lumki, tovarayirboshlash, valyuta almashish oqimi tezlashadi. Bu, albatta, har bir davlatning byudjeti sezilarli o‘sishiga, odamlar hayoti yaxshilanishiga olib keladi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va BMT Bosh Assambleyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi Kodeks O‘zbekiston takliflari nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etayotgani dalilidir.
Ikkinchidan, pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.
Bu O‘zbekiston nafaqat o‘z hududida, balki dunyo miqyosida ham kambag‘allikni qisqartirish, iqtisodiyotni qayta tiklashga jiddiy kirishganining amaliy ifodasidir.
Uchinchidan, Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta’lim forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston – yoshlar mamlakati sifatida ham dunyoga bo‘ylamoqda. Bugun mamlakatimiz yoshlariga yaratilgan imkoniyatlar, ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar dunyo xalqlari havasiga sazovor bo‘lmoqda.
Shu bois, yoshlar masalasida O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari katta qiziqish bilan kutib olinishi yaxshi an’ana tusiga kirdi. Fikrimizga global harakatlarga yoshlarni jalb etish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani isbot bo‘ladi. Ayni shu tashabbus ham O‘zbekiston nomidan Bosh Assambleya minbarida ilgari surilgan edi.
Global ta’lim forumi esa dunyo yoshlari ma’naviyatini yuksaltirish, ta’lim-tarbiya borasida ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, eng muhimi, bu jarayonda sayyoramiz yigit-qizlari o‘rtasida o‘zaro bag‘rikenglik tamoyillarini shakllantirishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir.
To‘rtinchidan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan O‘zbekiston tashabbuslari.
Azaldan O‘zbekiston qo‘shni Afg‘oniston va jafokash afg‘on xalqi bilan hamnafas yashab kelgan. Shu ma’noda aytish joizki, bu mamlakatdagi vaziyat ham doimo rasmiy Toshkentni o‘ylantirgan va tinchlikni ta’minlash istagi bir zum bo‘lsada so‘nmagan.
Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida ham O‘zbekiston tomoni dunyo hamjamiyati e’tiborini yana bir bor Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga, afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashga chorladi. Bunda BMT ta’siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi zarurligi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston yaqinda Afg‘onistonga yuborgan insonparvarlik yordami dunyo xalqlariga namuna sifatida e’tirof etildi.