O‘zbekiston – Belarus: parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqdi
Parlamentlararo ittifoq (PI)ning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashining Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sergey Aleynik bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, parlamentlararo muloqotni muntazam davom ettirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlament qo‘mitalari va komissiyalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Sergey Aleynik O‘zbekiston — Belarus parlamentlararo to‘rtinchi forumi yuqori saviyada tashkil etilgani va o‘tkazilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
29-30-sentabr kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur forumda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro tajriba almashish va amaliy muloqotni kengaytirishga qaratilgan qator masalalar muhokama qilingan.
Belarus parlamenti a’zosi erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish ishlari, shu jumladan, 2027-yilda Belarus Respublikasida o‘tkazish rejalashtirilayotgan navbatdagi O‘zbekiston — Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik ishlari boshlanganini ta’kidlab o‘tdi.
N.Abduraimova,
O‘zA