O‘zbekiston – Belarus hamkorligi muhokama qilindi
Keyingi yillarda O‘zbekiston – Belarus o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, bir qator kelishuvlarga erishish maqsadida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ayni paytda yurtimizda bo‘lib turgan Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Bartosh Sergey Ivanovich boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Uchrashuv davomida o‘zaro yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turlarini kengaytirish, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va veterinariya, qishloq xo‘jaligi fanlari sohasida hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Belarus delegatsiyasi Toshkent davlat agrar universiteti faoliyati bilan ham tanishdi. Dastlab mehmonlar universitet doktorantlari, ilmiy xodimlari hamda iqtidorli talabalarining ishlanmalari, kashfiyotlari aks etgan ko‘rgazma bilan tanishdi. Belarus delegatsiyasi vakillari universitet ilmiy xodimlari tomonidan yaratilgan limon, golubika, yejivikaning yangi navlariga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari universitetning Oziq-ovqat mahsulotlarini mikrobiologik tahlil qilish laboratoriyasi bilan tanishdi. Universitet talabalarining amaliy dars vaqtida mevalardan sharbat ajratib olish va quritish jarayonlarini amalga oshirishi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
M.Komilova,
O‘zA