O‘zbekiston bayrog‘i — millatning iftixori va birligi ramzi
Har bir ota-onaning farzand tarbiyasiga doir o‘z qarashi va uslubi bor. Kimdir bolasini kelajakda moliya sohasida, kimdir huquqni muhofaza qilish yo‘nalishida, yana kimdir muayyan kasb egasi sifatida ko‘rishni istaydi va shu maqsadda unga yo‘l-yo‘riq beradi.
Biroq onamning bizga aytgan so‘zlari hayotimizning yo‘lchirog‘iga aylangan edi. Onam shunday derdilar:
«Bolalarim, hech osmonda birga uchib ketayotgan ikki qushni kuzatganmisiz? Ular maskani, joyi va birligi uchun birga parvoz qiladi. Bizning maskanimiz ham shu aziz yurt, uning qudrati esa – bayroq. Bayroqni himoya qilish uchun qahramon bo‘lish shart emas. Ilmli bo‘linglar, halol yuringlar, insonlarga yaxshilik qilinglar — shuning o‘zi bayroqni tik ushlash demakdir».

Darhaqiqat, har bir millatning o‘ziga xos ramzlari, yuksalish yo‘lini belgilaydigan timsollari bo‘ladi. Biz uchun ana shunday muqaddas, yuksak ma’naviy va tarixiy belgilardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i. Uning har bir rangi, har bir chizig‘i ortida xalqimizning o‘tmishi, bugungi taraqqiyoti, ertangi ulkan orzulari mujassam.
18 noyabr — taqvimdagi oddiy sana emas. Bu kun O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Vatan mustaqilligi timsollaridan biri rasman qabul qilingan, milliy g‘ururimiz yanada yuksalgan tarixiy ondir.

Mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Poytaxtimizning Bektemir tumanidagi 358-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tantanalar ham bolajonlar ongida Vatanga mehr, milliy ramzlarga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamladi. Chunki bu kabi tadbirlar bolalarning qalbida nafaqat his, balki ma’naviy mas’uliyatni uyg‘otadi.
Bugun bayrog‘imiz nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro arenalarda — sport maydonlarida, nufuzli konferensiyalar va ilmiy yig‘inlarda ham sharaf bilan hilpiramoqda. Uni ko‘rgan har bir yurtdoshning yuragida faxrlanish, ilhom va mehr uyg‘onishi — uning cheksiz qudratidan dalolat.
Nigora Rahmonova, O‘zA