O‘zbekiston Badiiy akademiyasi – 29 yoshda
Mamlakatimiz mo‘yqalam sohiblari, nafis san’at ijodkorlari, haykaltarosh, dizayner, amaliy va tasviriy san’at ustalarining boshini qovushtirishda, ularni yangidan-yangi asarlar yaratish sari ruhlantirishda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining o‘rni beqiyosdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan 1997 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashkil etilgan edi.
Bundan 29 yil muqaddam tashkil etilgan ushbu ijodiy tuzilma salkam o‘ttiz yildirki, mamlakatimiz ijodiy tashkilotlari orasida eng samarali, faol, barakali ishlayotgan tashkilotlar sirasiga kiradi.
Badiiy akademiya mamlakatimiz hududida qadimdan shakllangan tasviriy va amaliy san’at maktablari, an’analarini qayta tiklash, uni yanada ravnaq toptirishdek sharafli yumushga ulkan hissa qo‘shib kelayotgani e’tiborga molikdir. Ayni paytda yurtimizdagi rassomlar, dizayner va hunarmandlar, amaliy va tasviriy san’at ustalari ijodini faol qo‘llab-quvvatlash, ularni yangi asarlar sari ruhlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Badiiy ta’limni zamon ruhiga monand tarzda yo‘lga qo‘yishda, tasviriy san’atga mehri baland yoshlar ijodini faol qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy izlanishlariga qanot bag‘ishlashda akademiya tomonidan o‘tkazilayotgan ijodiy loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, Badiiy akademiya tasarrufidagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, qator ixtisoslashgan o‘quv dargohlari yoshlarning tasviriy va amaliy san’at, zamonaviy dizaynerlik va boshqa taalluqli yo‘nalishlarda bilim va salohiyatini tobora oshirish va boyitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi yillarda Badiiy akademiya tomonidan yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar hajmi tobora ortgani e’tiborga molikdir. Akademiya huzurida tashkil etilgan ijodiy ustaxonalar mo‘yqalam sohiblarining yanada samarali ijod qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Ijod ahliga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor natijasida mamlakatimiz rassomlari, usta va hunarmandlari yurtimizda qad rostlayotgan inshootlar, muhtasham ma’rifiy maskanlar, muzeylar, madaniyat va san’at muassasalarining zamonaviy, ham betakror milliy ko‘rinish kasb etishida munosib hissa qo‘shmoqda. Bu jihatlar davlatimiz rahbari g‘oyasi va tashabbusi asosida bunyod etilgan O‘zbekiston xalqaro islom sivilizatsiyasi markazi, mutlaqo yangi qiyofa, muhtashamlik kasb etgan Imom Buxoriy majmuasi va boshqa ob’ektlarda o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan muntazam o‘tkazilayotgan ma’rifiy loyihalar, badiiy ko‘rgazmalar, Tasviriy va amaliy san’at haftaliklari, xalqaro biyennalelar, ijodiy tanlovlar xalqimiz va dunyo jamoatchiligini mamlakatimizda keyingi salkam o‘n yil davomida kechayotgan badiiy ijodiy yangilanish jarayonlari, mo‘yqalam sohiblari, usta va hunarmandlarning ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishtirishda, eng yaxshi badiiy asarlar bilan hamyurtlarimizning bahramand bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Badiiy akademiya tomonidan jahonning ko‘plab davlatlari ijodiy tashkilotlari, tasviriy san’at sohasidagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari, rassom va dizaynerlari, haykaltaroshlari bilan uzviy hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston tasviriy san’atini dunyoga targ‘ib etish, ijodiy muloqotning tobora kengayishida yangi istiqbollarni ochmoqda.
Mazkur tuzilma yiliga yuzlab ko‘rgazmalar, fotovernisajlar, ijodiy haftalik va tanlovlar, ijodiy simpoziumlar, badiiy-ma’rifiy anjumanlarni o‘tkazib kelmoqda. Bu esa mamlakatimiz tasviriy va amaliy san’at ustalari ijodiy izlanishda doim marrani baland olib mehnat qilayotganlarining yana bir yorqin amaliy ifodasidir.
Bugun mamlakatimiz barcha jabhalarda jadal tarzda yangilanish yo‘lidan bormoqda. Jonajon O‘zbekistonimizning nafis san’at sohasidagi yutuqlarini tasviriy asar vositalarida jahonga tarannum etishda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyati o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgani shubhasiz.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri