“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: eksport salohiyatini oshirish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish istiqbollari
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini yuksaltirish, tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, eksport tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ulushini keskin ko‘paytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram TESHABOEV O‘zA muxbiriga bergan intervyusida eksport salohiyatini oshirish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish istiqbollari xususida fikrlarini bildirdi:
– 2025-yil yakunlari ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etdi. Xususan, respublika eksporti 2025-yilda oltinsiz hisobda 23,9 milliard dollarni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 122 foizga o‘sish qayd etildi, – dedi vazir o‘rinbosari.
Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilgacha har yili o‘rtacha 15 foizdan barqaror oshirib borish rejalashtirilgan. Bu esa milliy iqtisodiyotning tashqi bozorlardagi ishtirokini kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish va mahalliy mahsulotlar nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eksport faoliyatiga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yil yakuni bilan eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish natijasida 3 055 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti eksport faoliyatiga jalb etilib, jami eksportchi korxonalar soni 7 370 taga yetkazildi.
Belgilangan maqsadlarga muvofiq, 2030-yilga qadar eksportchilar sonini 15 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich tizimli ravishda o‘sib borib, 2025-yildagi 6,5 mingtadan 2026-yilda 7,7 mingtaga, keyingi yillarda esa mos ravishda 9,1 ming, 10,8 ming va 12,8 mingtaga yetishi ko‘zda tutilgan. Bu, eng avvalo, kichik va o‘rta biznes vakillarining tashqi bozorlarga chiqishini faollashtirishda muhim omil bo‘ladi.
Qayd etish kerak, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Kelgusi yillarda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida 2026-yilda tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini 55 foizga, 2027-yilda 58 foizga, 2028-yilda 62 foizga, 2029-yilda 66 foizga va 2030-yilga borib 70 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bu esa mamlakatimizda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat tarmoqlarida chuqur qayta ishlash jarayonlarini jadallashtirish va eksport samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishda sifat standartlari muhim o‘rin tutadi. Shu bois, 2025-yilda 1 639 ta mahalliy eksportchi korxonaga jami 3 248 ta ISO, Oeko-Tex, Global GAP, ORGANIC, SEDEX va HALOL kabi xalqaro standart va sertifikatlar joriy qilindi.
Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlar yanada kuchaytirilib, 2026-yilda xalqaro standartlarni joriy qilgan korxonalar sonini 3 mingtaga, 2027-yilda 3 ming 500 taga, 2028-yilda 4 mingtaga, 2029-yilda 4 ming 500 taga va 2030-yilga borib 5 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, milliy brendlarni xalqaro maydonda targ‘ib qilish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Ayni paytda tashqi bozorlarda raqobatlasha oladigan va “O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturiga kiritilgan 27 ta korxona o‘z savdo belgisiga (brendiga) ega hisoblanadi.
2030-yilgacha ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish maqsadida Savdoni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish, mutaxassislarni o‘qitish, chet eldagi savdo uylari va omborxonalarni ijaraga olish, mahsulotlarni xorijda reklama qilish, biznes-seminarlarda qatnashish kabi yo‘nalishlarda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Albatta, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolinmaydi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash maqsadida mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari izchil davom ettiriladi.
Shuningdek, eksport salohiyatini yanada kuchaytirish uchun 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, uning doirasida amaliy chora-tadbirlar izchil amalga oshiriladi.
Strategiyada belgilangan 7 ta yo‘nalish va 30 ta maqsadli indikator hududlar kesimida samaradorlikni baholashning muhim mezoni, ya’ni KPI sifatida belgilanadi.
Shuningdek, “100 mahsulot akselerator” dasturi orqali 100 turdagi tayyor mahsulotlar eksportini Afrika, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlariga sezilarli darajada oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Rossiya, Turkiya va Slovakiya tajribasi asosida eksport-import operatsiyalarini moliyalashtirish, sug‘urtalash va kafillik taqdim etuvchi eksport-import banki faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqiladi.
Umuman olganda, bugun qo‘lga kiritilayotgan natijalar va kelgusi yillar uchun belgilab olingan aniq chora-tadbirlar 2030-yilga qadar eksportda barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Behruz XUDOYBERDIEV yozib oldi.