“O‘zbekgidrogeologiya”ga zamonaviy o‘lchov qurilmalari topshirildi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati hamda “Caritas Switzerland” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekistonning Zarafshon daryosi havzasida iqlimga bardoshli integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etilgan muloqotda tomonlar suv resurslarini barqaror boshqarish, yer osti suvlarini muhofaza qilish hamda sohada ilg‘or yondashuvlarni joriy etishda xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur loyiha Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. U iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish, Zarafshon havzasida yer osti suvlari holatini zamonaviy texnologiyalar asosida aniq kuzatish va ilmiy tahlil qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv doirasida “O‘zbekgidrogeologiya” davlat muassasasiga Zarafshon daryosi havzasida yer osti suvlari holatini kuzatish, monitoring jarayonlarini avtomatlashtirish hamda gidrogeologik modellashtirish ishlarini amalga oshirishga mo‘ljallangan zamonaviy o‘lchov qurilmalari rasman topshirildi.
Shuningdek, tomonlar loyihaning 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarini belgilab olib, hamkorlikning keyingi bosqichlarini aniqlashtiruvchi “Yo‘l xaritasi”ni imzoladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA