“O‘zbekfilm”ga milliy maqom beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Kino – millatning tarixi, buguni va ertasini bitta ekranda aks ettiradigan san’at.
Yaqinda buxorolik yosh kino ijodkorlar Suhrob Qodirov va Dilshod Usmonovning “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” nomli qisqa metrajli filmi Fransiyaning Kann shahridagi inklyuziv filmlar xalqaro festivalida Gran-pri sohibi bo‘ldi.
Ularga ijodini davom ettirish uchun 1 milliard so‘m miqdorida vaucher beriladi.
— Bizga har yili xalqaro festivallar darajasida e’tirof etiladigan turli mavzulardagi kamida 5-10 ta sifatli filmlar kerak. Bugun xalqimiz sizlardan hayotiy kinofilmlar, seriallar va ommabop hujjatli asarlarni kutyapti, – dedi Prezidentimiz.
“O‘zbekfilm”ga milliy maqom berilib, mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat ko‘rsatadigan markaziy kinokonsernga aylantiriladi.
Milliy filmlarimizni xalqaro bozorlarga olib chiqish maqsadida global kino platformalari bilan hamkorlik kuchaytiriladi.
O‘zA