O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi bo‘yicha yangi tadqiqotlar
Tarix – ulug‘ murabbiy, ajdodlar yodi muqaddasdir. O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini haqqoniy o‘rganish, uning butun rang-barangligi va past-balandini xolis yoritish soha vakillari oldida turgan eng muhim vazifadir.

Bu borada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Tarix instituti direktori, akademik Azamat ZIYO bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
– Hozirda institutimiz uchun bosh masala “O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi (eng qadimdan hozirgacha)” o‘n jildligini sifatli – iloji boricha yangi manbalar va zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tayyorlab, xalqimizga yetkazishdir, – deydi A.Ziyo. – So‘nggi paytlarda bizga katta ishonch bildirilib, harbiy merosimiz tarixini ham har tomonlama tadqiq qilish, olingan ilmiy natijalarni izchil targ‘ib etish vazifasi yuklandi. Shu bois barcha kuchimizni mazkur ikki yo‘nalishga qaratganmiz.
Olib borilayotgan izlanishlar doirasida bu yil bir qator asarlarni e’lon qildik. Jumladan, Qahramon Rajabovning ikki jildlik “O‘zbekiston XX asrda”, “O‘zbekiston tarixi” (hammualliflikdagi darslik), Feruz Boboyevning “O‘rta Osiyoda sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat tarixi (1925-1935 yillar)”, Odiljon Zaripovning “XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonda yer egaligi va suvdan foydalanish tizimi (Sirdaryo viloyati misolida)”, bir guruh olimlarimizning “Xorazm shaharlari tarixi manbalar va zamonaviy tadqiqotlarda” to‘plami kabilarni tilga olgan bo‘lardik.
Shuningdek, “Turonning eng qadimgi yozuv tizimi”, “Ustrushana ulamolari”, “Turkistonda tibbiyot tarixi (XIX asr so‘nggi – XX asr boshi)”, “O‘zbek xalqining hayvonot olamiga oid qarashlari” asarlari ham nashrga topshirilgan.
Institut xodimlari 30 dan ortiq milliy, 10 dan ortiq xorijiy jurnallarda maqolalar chop ettirib, 100 dan ortiq umummilliy va xalqaro yig‘inlarda ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Jadidlar merosini o‘rganish, ulug‘ bobolarimizning hikmatlarini asrab qolish yo‘lida ham samarali ishlar qilindi. Xususan, Turkiston jadidlarining 1000 dan ortiq hikmatli so‘zlari to‘planib, nashrga tayyorlash ishlari olib borilyapti.

Bundan tashqari, “Turkiston jadidlari, milliy matbuot va muxtoriyat” ilmiy izohli hujjatlar to‘plami tayyorlanayapti. Jadidlar.uz platformasining ko‘rinish va bezalishi bir muncha yangilanib, jadidchilik milliy harakatiga oid manbalar, ilmiy-tadqiqotlar bilan to‘ldirib borilmoqda.
Jadidchilik tarixi bilan shug‘ullanayotgan olim va tadqiqotchilarimiz ushbu masalaga bag‘ishlangan umummilliy va halqaro yig‘inlarda muntazam qatnashib kelmoqdalar.
Jumladan, shu yili Farg‘ona politexnika institutida bo‘lib o‘tgan “Jadidlarning ilmiy-pedagogik merosi: tarix va zamonaviylik” xalqaro, “Sadoi Farg‘ona” gazetasining milliy matbuot shakllanishi va jadidchilik harakatidagi o‘rni” umummilliy yig‘inlarida ma’ruzalar qilindi.
Buyuk bobolarimiz Mahmud Zamaxshariyning 949, Mirzo Ulug‘bekning 630, Amir Temurning 688, Abdulla Qodiriyning 130 yilligiga bag‘ishlab umummilliy tadbirlar tashkil qilindi.
“Turkistonning iqtisodiy tarixi: eng qadimdan bugungi kunimizgacha” xalqaro ilmiy yig‘ini tarixchilik fanimiz uchun katta voqea bo‘ldi, deya olamiz. Negaki, bizda bu borada shu kungacha hech qachon tizimli ilmiy ishlar olib borilgan emas edi. Ilmiy maktab yo‘q. Shuning uchun ham mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bir qator chet ellik (AQSH, BAA, Pokiston, Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Yaponiya, Angliya) olimlar ilmiy jamoatchiligimizda katta qiziqish uyg‘otganini alohida ta’kidlagan bo‘lardim.
– Tarix instituti tomonidan yana qanday yangi loyihalar amalga oshirilmoqda?
– 2021 yildan buyon “O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi manbalari (eng qadimgi davrlardan 1991 yilgacha) elektron “aqlli kutubxona”si yirik amaliy loyihasi ustida ishlamoqdamiz. Bu yil ham mavzuga oid qo‘lyozma asarlar, tarixiy hujjatlar, bitiklar, arxeologiya yodgorliklari, muhr va tangalar, me’morchilik bo‘yicha kengaytirilgan ma’lumotnomalar tayyorlandi.
Institutda yana bir muhim – “Jizzax va Forish tarixi” kitobini yaratish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Unda Jizzax vohasining qadimdan bugungacha bo‘lgan tarixini arxeologik tadqiqotlar, qo‘lyozma, toshbosma asarlar, davriy matbuotdagi maqolalar, arxiv hujjatlari orqali ochib berish maqsad qilingan. Hozircha ushbu yo‘nalishda bitta asar tayyorlanib, nashrga topshirilgan.
– Xalqaro hamkorlik doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi ta’bir joiz bo‘lsa, butun dunyo o‘tmishi bilan bog‘liq ravishda kechgani va bizga tegishli ko‘plab manbalar ochun ichra tarqalib ketganidan kelib chiqilsa, biz xalqaro ilmiy aloqalarni kuchaytirishimiz kerakligi ayonlashadi. Qolaversa, ilg‘or chet ilmiy va ta’lim markazlarida yosh mutaxassislarni tayyorlash, birgalikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish ham o‘ta kerak masala.
Bu yil Hindistonning Javaharlal Neru universiteti O‘rta Osiyo va fors tadqiqotlari markazi professori Axloqi Ahmad Ohan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Hindiston aloqalari tarixini yoritishda ushbu mamlakatdagi Turon tarixiga oid manbalarni aniqlash, tadqiqotchilarga sanskrit va urdu tillarini o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish, birgalikda ilmiy yig‘inlar tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi. Turk tarixi kurumi bilan uchta loyihani amalga oshirish niyatimiz bor.
Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Tarix va etnologiya instituti bilan ilmiy hamkorlik haqidagi kelishuv imzolandi. Unda O‘zbekiston – Ozarbayjon xalqlari tarixiy aloqalari, shuningdek, jahon va butunturk tarixi bo‘yicha tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash va almashinuvini qo‘llab-quvvatlash, barcha turdagi manbalarni izlash hamda ilmiy muomalaga kiritish masalalari o‘rin olgan.
Bunda “O‘zbekiston tarixi” va “Ozarbayjon tarixshunosligi” jurnallarida tomonlar mualliflarining maqolalari va ma’lumotlarini chop etish, birgalikda tashkil etilgan ilmiy tadqiqotlar, uchrashuvlar va ko‘rgazmalar natijasini jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Yaqinda o‘tkazilgan MDH tarixchi va arxivchilari xalqaro uyushmasining “MDH mamlakatlarining birgalikda kechgan tarixining munozarali masalalari: zamonaviy qarashlar va yondashuvlar” ilmiy yig‘inida ishtirok etib, “O‘zbekistonda raqamli tarix: jadidlar.uz platformasi to‘g‘risida” ma’ruzalar qildik. Unda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ilm, xususan, tarix faniga bo‘lgan alohida e’tibor, uni rivojlantirish va tadqiqotchilarga shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar alohida urg‘ulandi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.