O‘zbek va qirg‘iz do‘stligi abadiydir
Shu kunlarda Andijonning to‘qsondan ortiq mahallasida yurtimizdagi tinchlik, mehr-oqibat, millatlararo do‘stlik, ahillik va hamjihatlikni targ‘ib etuvchi tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. O‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar andijonliklar qalbiga ko‘tarinkilik, xush va bayramona kayfiyat ulashmoqda.
Xo‘jaobod tumanining Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh Qorabuloq mahallasida ham “Vatan yagonadir, Vatan bittadir” deb nomlangan madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi mehnat jamoalari, mahallalarda istiqomat qilayotgan o‘zbek, qirg‘iz va boshqa turli millat vakillari ishtirok etdi. Tadbir hayit bayrami bilan hamohang xalqimiz jipsligining, millatlararo do‘stlik va ahillikning haqiqiy namoyishi bo‘ldi.
– Yurtimiz tinchligi, osuda hayotimizga ko‘z tegmasin, – deydi “Qorabuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi Zuhraxon Xo‘jamatova. – Mahallamizdagi 800 dan ortiq oilada 2 ming 500 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Fuqarolarimizning asosiy qismini qirg‘iz millati vakillari tashkil etadi.
Millatidan qat’iy nazar mahalladoshlarimiz bir oila vakillari bo‘lib, ahil, inoq, hamjihatlikda yashab keladi.
[gallery-22583]
Darhaqiqat, mahalla aholisining hamjihatligi tufayli o‘tgan yili open byudjet dasturida mahallaning Ravnaq, Nasim, Tarannum va Maorif ko‘chalarini asfaltlash loyihasi g‘olib bo‘ldi. Natijada mahallaning barcha ko‘chalari to‘liq asfaltlandi. Joriy yilda o‘tkazilgan tanlovda esa mahallada 160 o‘rinli maktab qurilishi loyihasi g‘olib chiqdi. Endi nasib etsa, mahallada yangi maktab barpo etiladi.
Asosiysi mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish, muammolarini bartaraf etishga qaratilgan ibratli ishlar olib borilmoqda.
– Mening millatim qirg‘iz, – deydi mahallaning Tarannum ko‘chasida yashovchi Aynash To‘xtayeva. – Boquvchimiz yo‘q, nogironman, ikki nafar farzandim bilan yashayman. Tikuvchilik hunarim borligi uchun mahallamizning xotin-qizlar faoli ko‘magi bilan o‘tgan yili menga subsidiya asosida tikuv mashinalari berildi.
Bugun tikuvchilik bilan shug‘ullanib daromad olyapman, turmushdagi kamlarning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilyapman.
O‘tgan yili mahallada birorta ham jinoyatchilik, oilaviy ajrim qayd etilmaganligi, mahalla jinoyatchilikdan xoli hududga aylanganligi ham mahalladagi ahillikning samarasidir. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, mahalla guzari, ko‘chalarning kirish-chiqish hududlariga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
– Yoshim to‘qsondan o‘tdi, – deydi mazkur mahallada yashovchi Abduvali ota Mamatxalilov. – Boshimizdan ko‘p yaxshi-yomon kunlar o‘tgan. Lekin hech qachon mahalladoshlar orasida sen boshqa millatsan, degan gap-so‘z bo‘lmagan. Har qanday qiyinchilikni hamjihatlikda yengganmiz. Iloyim, mana shu ahilligimizga ko‘z tegmasin.
Qancha-qancha odamlar bugungi dorilamon kunlarni ko‘rolmay o‘tib ketdi. Bugun yurtimiz obod, hayotimiz tinch, dasturxonlarimiz to‘kin. Bu shu yurtda yashayotgan millatidan qat’iy nazar har bir insonning niyati xolisligi, mehnatsevarligi, ularning yurtni obod qilishdek xayrli ishlarga kamarbastaligi sharofatidandir.
Xalq sayli tarzida o‘tgan do‘stlik, qardoshlik bayramida milliy hunarmandchilik mahsulotlari, kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Andijon davlat texnika instituti o‘qituvchi va talabalari tashabbusi bilan mahalla yoshlari bilan hamkorlikda kurash, arqon tortish, shaxmat-shashka musobaqalari, “Oq terakmi, ko‘k terak” kabi milliy o‘yinlar, “Quvnoqlar va zukkolar” bahsi o‘tkazildi. Yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Madaniy, ko‘ngilochar dasturlar, xalq o‘yinlari, ma’rifiy chiqishlar, samimiy suhbatlar shaklida o‘tgan tadbirda xalqimizning o‘zaro hamjihatligi, o‘zbek va qirg‘iz millati vakillari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yana bir bor o‘z aksini topdi.
Karnay-surnay sadolari, san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, ishtirokchilarning o‘yin-kulgilari bilan o‘tgan bayram tadbirida qo‘ylar so‘yilib, doshqozonlarda xalqimizning shoh taomi – palov damlandi, sumalak tayyorlandi. Bir dasturxon atrofiga yig‘ilgan kattayu kichik yurtimizga tinchlik-totuvlik tilab, duolar qildi.
Bir so‘z bilan aytganda, turli millat, elat vakillari emin-erkin yashab kelayotgan O‘zbekistonimizda millatlararo do‘stlik aslo zavol topmaydi. Ayniqsa, asrlar davomida bir ko‘chada, bir ariqdan suv ichib, yurtimizning ravnaqi, porloq kelajagi yo‘lida bir jon, bir tan bo‘lib yashab kelayotgan, o‘zbek va qirg‘izlar o‘rtasidagi do‘stlik abadiydir.
Odamlarga xursandchilik, bayramona shukuh ulashayotgan bu kabi tadbirlar viloyatdagi ko‘plab mahallalarda yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov, (surat),
O‘zA muxbirlari