O‘zbek tilini rivojlantirish yo‘lida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda davlatimiz rahbarining 2020 yil 20 oktyabrdagi farmoni, 2020 yil 19 oktyabrdagi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 martdagi qarorlarida o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning nufuzini oshirish bo‘yicha Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutiga yuklatilgan vazifalar ijrosi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, yuqoridagi hujjatlar ijrosi yuzasidan “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”ni yaratish va nashr etish bo‘yicha Fanlar akademiyasi Ishchi-guruhi tuzildi. Hozirgi kunda mavjud bo‘lgan lug‘atlarni o‘rganib, tahrirlab hamda badiiy asarlardan sinonimlarni va unga oid misollarni izlash davom etmoqda.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi to‘ldirilan yangi nashri mazkur lug‘atning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi dastlabki nashri hisoblanadi. Hozirgi kunga qadar lug‘atni tayyorlash yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirildi. Lug‘at yangi imlo qoidalariga muvofiqlashtirildi. Ushbu lug‘at uchun yangi lisoniy materiallar zahirasi yaratildi va u filologiya fanlari doktori, professor N.Mahmudov rahbarligidagi tahrir hay’ati a’zolari tomonidan saralandi.
Tavsiya qilingan besh mingdan ortiq lug‘aviy birlik izohlanib, lug‘at tarkibiga kiritildi. Shuningdek, lug‘at zamonaviy nashrlardan olingan ko‘plab illyustrativ misollar bilan ham boyitildi. Mazkur lug‘atning 1 ming 670 betdan iborat 1-jildi nashrga tayyorlandi. Hozirgi vaqtda uning 2-jildi tahrir qilinib, nashrga tayyorlanmoqda. Lug‘at tuzuvchilari tomonidan 3-5-jildlarga kiritilgan yangi lug‘aviy birliklarni izohlash ishlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “UNICON.UZ” – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi tomonidan nashrga tayyorlangan “Sun’iy intellektga oid atamalarning o‘zbekcha-ruscha izohli lug‘ati” institut tilshunos olimlari tomonidan tahrir qilinib, tegishli tavsiyalar “UNICON.UZ” tashkilotiga taqdim etildi va lug‘at qayta ko‘rib chiqilmoqda.
“O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati” hamda “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati” nashrga tayyorlandi. Hozirgi kunda “O‘zbek tili sinonimlari lug‘ati” bo‘yicha mavjud bo‘lgan lug‘atlar o‘rganilib, tahrirlanmoqda hamda badiiy asarlardan sinonimlarni va unga oid misollarni izlash davom etmoqda.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlangan “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” institut olimlari tomonidan tahrir qilindi. Hozirgi kunda mazkur lug‘at nashr qilinish arafasida.
“Tarix atamalarining izohli lug‘ati” Tarix instituti bilan hamkorlikda, “Yuridik atamalarning izohli lug‘ati” esa Davlat va huquq instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Har ikkala lug‘at bo‘yicha atamalar yig‘ilib, ularning izohi yozilmoqda. Mazkur lug‘atlarni yil yakunigacha nashrga tayyorlash rejalashtirilgan.
To‘rt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning 1-jildi tahrir ishlari yakunlanib, nashr etish uchun topshirildi. Qolgan jildlari ham tahrir qilinmoqda. Shu barobarida ba’zi maqolalar bilan to‘ldirilmoqda. Ensiklopediyaning 2-jildini tahrir qilish va nashrga topshirish ishlari davom etmoqda.
“Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” nomli mavjud lug‘atlar ko‘rib chiqilib, 1-jildi nashr etildi, 2-jildi esa nashriyotga topshirildi. Keyingi jildlarini to‘ldirib, mukammallashtirilmoqda. Hozirgi kunda “Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” III jildi nashr uchun tayyorlanib, tahrir ishlari davom ettirilmoqda.
Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda institut olimlari tomonidan “Antropotsentrik tilshunoslik terminlari izohli lug‘ati”ni tuzish va nashr qilish, ya’ni uning veb-sayti va mobil ilovasini yaratish innovatsion loyihasi ham bajarilmoqda.
Yuqoridagi ishlarning amalga oshirilishi mamlakatimizda ona tilimizga berilayotgan e’tibor, uni rivojlantirish, mavqeini ko‘tarish yo‘lida qilinayotgan amaliy sa’y-harakatlarga yaqqol misol bo‘ladi.
N.Usmonova,
O‘zA