O‘zbek tili tadqiqi va ta’limi muammolari xalqaro anjumanda muhokama qilindi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi hamda Birinchi o‘lka o‘zbek til va imlo qurultoyining 105 yilligiga bag‘ishlangan "O‘zbek tili tadqiqi va ta’limi muammolari" mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman tashkil etildi.
Anjuman O‘zMU Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda mahalliy olimlar bilan bir qatorda Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya va Ozarbayjonning qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillari ham ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy tadbir Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti, Qozon Federal universiteti, L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti, Anqara universiteti, Firat universiteti, Nigde Omer Halisdemir universiteti, Boku Slavyan davlat universiteti hamda "Science and Innovation" xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida oflayn va onlayn shakllarda o‘tkazildi.
Anjumanning yalpi majlisi va sho‘ba yig‘ilishlarida o‘zbek tilshunosligi hamda turkologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilar til, imlo va alifbo masalalari, turkiy tillarning mushtarak jihatlari, o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, amaliy tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari hamda o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish metodikasini muhokama qildilar.
[gallery-32067]
Tadbir doirasida o‘zbek tilini ilmiy jihatdan tadqiq etish, uning tarixiy va zamonaviy xususiyatlarini o‘rganish, shuningdek, til ta’limi metodikasini takomillashtirishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro anjuman olimlar va mutaxassislar o‘rtasida ilmiy fikr almashish, o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolarini muhokama qilish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Hamroz Bayonov, O‘ktam Xayitov (foto), O‘zA