“O‘zbek tili – qalbim tarjimoni”
Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talaba-yoshlar o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbirda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov hamda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Xolbo‘tayev o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini mustahkamlash, xalqaro miqyosdagi mavqeini oshirish, tilimiz va madaniyatimizni targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng final bosqichining “Erkin mavzuda badiiy chiqish” sharti bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan o‘zbek tilidagi she’r va qo‘shiqlar tinglandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi Rinka Yagane (Yaponiya), 2-o‘ringa Termiz davlat universiteti talabasi Emodi Nesar Ahmad (Afg‘oniston), 3-o‘ringa Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Vang Chao Yuan (Xitoy) munosib topildi.

– O‘zbek tili – juda betakror va go‘zal til, – dedi Rinka Yagane. – Menga bu til juda yoqadi.
Ta’kidlash joizki, xorijlik talabalarning tilimiz jilosini madh etuvchi chiqishlari davlat tilimizga hurmatning o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi.
Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari, faol ishtirokchilar esa sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA