O‘zbek tili o‘qituvchilari uchun tanlov
Mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jumladan, har jihatdan bilimli, salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash, o‘qituvchi-murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, soha vakillarini ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan rag‘batlantirilayotgani o‘z samarasini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘zbek tili fani o‘qituvchilari orasidan mahoratli, tashabbuskor o‘qituvchilarni aniqlash, ularning ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hamda o‘zbek tilining davlat tili sifatida o‘qitilishi bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni qo‘llashga qaratilgan amaliy ishlanmalar ko‘lamini kengaytirish maqsadida «Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi» tanlovi e’lon qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi hamkorligida tashkil etilgan tanlovning tuman bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tanlovda 140 nafardan ortiq ona tili, o‘zbek tili fani o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri D.Aralovning ta’kidlashicha, tanlov har jihatdan bilimli, salohiyatli nomzodlarni aniqlash va ularni munosib rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qizg‘in munozaralarga boy bo‘lgan tanlovning birinchi bosqichida mantiqiy-tahliliy test savollaridan yuqori ball to‘plagan 101 nafar o‘qituvchi tanlovning ikkinchi bosqichiga yo‘llanma oldi.
Salimaxon Qodirova,
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli maktabning
ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi
O‘zA